Trampning odami Moskvada Putin bilan uzoq gaplashgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
21 fevral
6231AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya qamoqxonasida saqlangan Amerika fuqarosi Mark Fogelni vataniga qaytarish uchun Moskvaga borganini ma’lum qildi. Bu haqda u Florida shtatining Mayami shahrida bo‘lib o‘tgan sarmoyaviy forumdagi chiqishida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, o‘sha kuni u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan, u bilan uzoq suhbatlashgan va do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga intilgan.
“Bu ajoyib sayohat edi. Men Prezident Putin bilan uzoq suhbatlashdim, u bilan munosabatlarni rivojlantirdim. Bularning barchasi Mark Fogelning samolyotga chiqishiga olib keldi. Tashrif, birinchidan, Prezident Trampning qo‘llab-quvvatlashi, bu o‘z-o‘zidan muhim, ikkinchidan, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud hamda Saudiyaning AQSHdagi elchisi, Saudiya tomoni bilan mukammal munosabatlarimiz tufayli amalga oshirildi. Ular bizni bu mumkinligiga ishontirishdi. Bu Fogelning qaytishi mumkinligining haqiqiy tasdig‘i edi. Shuning uchun men Moskva tashrif buyurishga arzishini angladim”, dedi Uitkoff Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan forumda.
11 fevral kuni Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib qamoq jazosini o‘tayotgan Fogel ozodlikka chiqdi. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts buni Moskvaning Ukrainadagi inqirozni hal qilishda olg‘a siljishdan darak beruvchi xayrixohlik harakati deb atadi. Fogel Uitkoff bilan Moskvani tark etdi.
Trampning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarosini Rossiya rasmiylari tomonidan ozod etilganini yuksak qadrlaydi.
13 fevral kuni Amerika qamoqxonasidan chiqqan Rossiya fuqarosi Aleksandr Vinnik AQSHdan Rossiyaga qaytib keldi. U Putinga va uning qaytishida mehnat qilgan barchaga minnatdorlik bildirdi. Kreml mahbuslar almashinuvini Vashington bilan o‘zaro ishonchni oshirish yo‘lidagi qadam deb atadi.
LiveBarchasi