Trampning odami G‘azoga bordi

Olam

image

Bugun, 1 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektoriga tashrif buyurib, yordam taqsimlanadigan punktlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Uning safaridan maqsad – G‘azodagi oziq-ovqat inqirozi fonida AQSH tomonidan ishlab chiqilayotgan yordam rejasini aniqlashtirish edi. Uitkoff Rafah shahrida joylashgan tarqatish markaziga borgan. Bu tashrif G‘azoga hozirgacha bo‘lgan eng yirik havo orqali gumanitar yordam yetkazilgan kunga to‘g‘ri kelgan. Yordam BAA, Iordaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya va Bahrayn tomonidan yuborilgan.

Oq uyning bildirishicha, maxsus vakil punktlarning holatini o‘rganib, oziq-ovqat hajmini oshirish zarurligini aytgan. Tramp esa ushbu tashrif asosida G‘azoga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishi rejalashtirilmoqda. 

Ushbu tashrif aynan HAMAS tomonidan 2023 yil 7 oktyabrda amalga oshirilgan hujumda garovga olingan isroilliklar bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaqtda amalga oshirildi. HAMAS guruhining aytishicha, ular muzokara qilishdan bosh tortgan, toki G‘azoda oziq-ovqat inqirozi tugamaguncha. Isroil esa harbiy harakatlarni yanada kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda.

Uitkoffning tashrifi AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi bilan amalga oshirilgan. 

Gumanitar yordam G‘azodagi GHF (Gaza Humanitarian Fund) tomonidan boshqarilmoqda, u AQSH va Isroil tomonidan nazorat qilinadi. Ushbu fond va uning faoliyati BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid ostiga olingan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning may oyi oxiridan buyon yordam olish jarayonida kamida 1373 falastinlik halok bo‘lgan, ularning 859 nafari GHF punktlari yaqinida, Isroil va AQSH harbiylari qo‘riqlovida bo‘lgan joylarda halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabrida HAMAS guruhi Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Bu hujumdan so‘ng Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Bu urush bahonasida G‘azo sektorida olib borilgan bombardimonlar va quruqlikdagi operatsiyalar oqibatida 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 130 mingdan ko‘proq kishi yaralandi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “Axios” nashriga G‘azo sektorida ocharchilikka qarshi kurashish bo‘yicha reja ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH G‘azoga yordam berish niyatida va mamlakat rasmiylari sektordagilarning oziq-ovqat olishini xohlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp G'azo Rafah Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing