Trampning qizi va kuyovi Qatar Bosh vazirini yahudiy tadbirkorlari bilan uchrashtirdi

Olam

image

AQSHning 45-prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner Nyu-Yorkda Qatar Bosh vaziri – Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, yahudiy milliarderlari va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Axios” portali xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan, unda Qatar Bosh vaziri Dohaning Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari haqida gapirgan. Nashrning bildiishicha, Ol Soniy Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vositachilikda, xususan, G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar bo‘yicha asosiy figura sanaladi.

Manbaga ko‘ra, Trampning kuyovi Qatar Bosh vaziri bilan qaynotasining ma’muriyati davrida Qatar va Fors ko‘rfazidagi boshqa arab davlatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berish bo‘yicha muzokaralar paytida yaqin bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Qatar hozirda HAMAS bilan aloqalari tufayli AQSH Kongressi a’zolari va yahudiy tashkilotlarining oshib borayotgan bosimi va nazorati ostida.

“Qatarning so‘nggi besh yil ichida ish haqi, yoqilg‘i va muhtojlarga yordam berish uchun G‘azoga o‘tkazgan milliardlab dollarlari Isroil hukumati tomonidan muvofiqlashtirildi va tasdiqlandi”, deb ishontirgan Ol Soniy uchrashuvda.

Eslatib o‘tamiz, 15 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan “Falastin uchun yagona yurak” birinchi xonimlar sammitida qatnashgan Qatar Amirining onasi Shayxa Moza bint Nosir Isroilning urush qonuniyatlarini mensimasligi ortidan G‘azoda xalqaro gumanitar huquq buzilayotgani, xalqaro hamjamiyat Isroilning vahshiyligini to‘xtata olmaganini aytgandi. 

Shayxa Moza xalqaro bosimni kuchaytirish zarurligini bildirib, shifoxonalar va maktablar bunday hujumlarda nishonga olinmasligi kerakligini qayd etgan. U, shuningdek, Qatarning kelgusi davrda ta’lim sohasiga xalqaro yordam ko‘rsatishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan. 

“Biz qilayotgan barcha ishlarni G‘azo xalqi uchun qilamiz, lekin bu hech qachon qarz bo‘lmaydi.  Tarixning bu mudhish daqiqalarida G‘azo ahli ummatning qadr-qimmatini ifodalaydi”, degan Shayxa Moza.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ivanka Tramp Jared Kushner Qatar Bosh vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing