3 trillion $ bilan ortga qaytgan Tramp

Tahlil

Tramp hokimiyat tepasiga kelganidan buyon u tomonidan bajarilgan eng yorqin ish bu Meksika ko‘rfazi nomini Amerikaga o‘zgartirish bo‘ldi. Savdo urushi, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish, G‘azodagi g‘ayriinsoniy qirg‘inga nuqta qo‘yish, Qo‘shma Shtatlarni yanada boyroq, buyukroq qilish va hokazo missiyalarning birortasi hozircha amalga oshganicha yo‘q. Aksincha, hammasi teskari tomonga yo‘naldi. Masalan, u tomondan dunyoning barcha davlatlariga qarshi ochilgan iqtisodiy urush oqibatida AQSHdagi kompaniyalar trillionidan ayrildi, Netanyaxu G‘azoda qaytadan genotsid amaliyotini boshlamoqchi, Putin esa Ukrainada hali-beri to‘xtash niyati yo‘q. Bu ijtimoiy tarmoqlarda Tramp “effekti” deya nomlanib, AQSH Prezidentining kulgiga qolishiga olib keldi. Eng qizig‘i, hatto Tramp Hindiston va Pokiston o‘rtasiga tushib, ularni o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirgani aytilganidan bir necha soat o‘tib ikki mamlakat yana harbiy harakatlarni boshlab yuborgan payt ham kuzatildi. U siyosiy doirada 4 oy ichida hali aytarli natijaga erishgani yo‘q. Ammo aslida muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lgan Tramp xorijdan, ayniqsa boy arab monarxiyalaridan investitsiya jalb qilish va o‘zaro daromadli, manfaatli bitimlar tuzish bo‘yicha masterklass o‘tadi. Ortda qolgan 4 kun davomida o‘z biznesini 1968 yilda ko‘chmas mulk sohasida boshlab, ayni paytga kelib, tadbirkorlikda  asrdan ko‘proq tajribaga ega Tramp Yaqin Sharqdan cho‘ntaklarini qappaytirib qaytmoqda. Qator arab davlatlari bilan tuzilgan shartnomalardagi raqamlar aql bovar qilmas darajada. Qizig‘i shundaki, u Saudiya Arabistoniga uchayotganda, 15-16 may kuniga Turkiyada bo‘lishi belgilangan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarga kelishi va bu Sharqiy Yevropadagi vaziyat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi, qisqa qilib aytganda tarixiy muzokaralar bo‘lib o‘tishi haqida ko‘pchilik taxmin yoki hech bo‘lmasa umid qilgandi. Ammo Tramp Putinning Turkiyaga tashrif buyurmasligi ma’lum bo‘lgach, Istanbulga bormasligi aniq bo‘ldi. Biroq uning bir necha kun ichida Yaqin Sharqda qilgan ishlari dunyo e’tiborini Turkiyadagi jarayonlardan to‘g‘ri ko‘rfaz davlatlariga burdi deyish mumkin. QALAMPIR.UZ AQSH Prezidentining mintaqaga tashrif xronologiyasi va natijalari, qisqa qilib aytganda 3 trilliondan ziyod investitsiya bilan ortga qaytgani haqidagi tafsilotlarni bir materialda jamladi.

Saudiya Arabistoni – 600 milliard

Donald Tramp 13 may kuni Yaqin Sharqqa qilgan bir necha trillion dollarlik turnesini Saudiya Arabistonidan boshladi. Bu uning birinchi xalqaro darajadagi tashrifi bo‘ldi. Qizig‘i, Tramp birinchi muddatdagi dastlabki tashrifini ham Saudiyaga qilgandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp shahzoda Salmon bilan yaqin munosabatlarga egaligi hech kimga sir emas. Chunki Tramp Saudiya agentlari tomonidan jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilganidan keyin xalqaro miqyosda chetlab o‘tilgan yosh shahzodani aksincha qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, 2017 yilda ham Tramp an’anani buzgan holda birinchi xalqaro prezidentlik tashrifi uchun Saudiya Arabistonini tanlagan. 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganidan keyin ham Saudiya Arabistoni Tramp bilan yaqin biznes aloqalarini davom ettirdi. Xususan, Ar-Riyod Trampning kuyovi Jared Kushner raisligidagi firmaga 2 milliard dollar sarmoya kiritdi va podshohlikda Tramp minoralarini qurish rejalari e’lon qilindi. Uning bu safargi tashrifi davomida savdo bitimlari tuzish va Fors ko‘rfazidagi boy mamlakatlardan AQSH iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishi kutilayotgandi. Xususan, AQSH Prezidenti Saudiya Arabistonining o‘zidan Amerika iqtisodiyotiga 1 trillion dollarlik investitsiya yotqizishni istayotgani aytildi. U bu haqda joriy yil yanvar oyida allaqachon ma’lum qilgandi. O‘shanda Tramp Saudiya Arabistonidan AQSH iqtisodiga 4 yil davomida, jumladan, harbiy texnika xarid qilish uchun 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflashni so‘ragan va yaqin fursatlarda investitsiya shartnomasini imzolash uchun birinchi chet el safarini Ko‘rfaz davlatiga amalga oshirishini aytgandi. U shunday qildi ham. Ammo u kutgan miqdorda investitsiya ololmagan bo‘lsa-da, Ar-Riyoddan quruq qo‘l bilan qaytmadi. Bitta tashrifning o‘zi uchun bu miqdor amalga oshmas darajada yirik ko‘rinishi mumkin. Yakunda ham ikki o‘rtadagi bitimlarning umumiy summasi 1 trillionga yaqinlashmadi. Biroq yarim trilliondan oshdi. Saudiya Arabistoni AQSH iqtisodiyotiga 600 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishi belgilandi. Bu bitimning eng katta va asosiy qismi kutilganidek harbiy hamkorlik sohasida bo‘ldi. AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qurol-yarog‘ bo‘yicha 142 milliard dollarlik bitim imzolandi. Bu esa qurol savdosi bo‘yicha tarixdagi eng yirik kelishuv bo‘ldi. Al Arabiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur bitim AQSH tomonidan Saudiya Arabistoniga zamonaviy harbiy texnika yetkazib berishni va Amerikaning o‘ndan ortiq mudofaa kompaniyalari tomonidan Ar-Riyodga turli xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bitim doirasida harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qurol-yarog‘ tizimini modernizatsiya qilish, o‘q-dorilar va ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik ko‘zda tutilgan.

Qolgan kichik hajmdagi bitimlar energetika, kosmik tadqiqotlar, foydali qazilmalarni qazib olish, texnologiyalar va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohalari bo‘yicha imzolandi. Jumladan, Saudiyaga 14,2 milliard dollarlik gaz turbinalari va boshqa energetika xizmatlari, 4,8 milliard dollarlik Boeing-737 yo‘lovchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Shunday qilib, harbiy soha, sog‘liqni saqlash, tabiiy boyliklar va energetika Tramp tashrifining ma’lum bir qismlari bo‘ldi. Bulardan tashqari, yana bir sohadagi kelishuvlar e’tibor markazidan o‘rin oldi. Bu Trampning Saudiyaning neftdan keyingi kelajagini texnologiyaga burish va AQSHning innovatsion yutuqlarini targ‘ib qilish edi. Donald Tramp o‘zining ikkinchi muddatidagi birinchi turnesiga ko‘plab texnogigantlarning rahbarlarini ergashtirib keldi. Saudiya Arabistonida u bilan birga Amerikaning eng yirik texnogigant kompaniyalarining o‘ttiz nafar bosh direktorlari yetib kelishdi. OpenAI’dan Sem Altman, Nvidia’dan Yensen Xuang, IBM’dan Arvind Krishna va dunyoning eng boy odami Ilon Mask Trampning qora shahzoda huzuridagi hamrohlari bo‘ldi. Ko‘pchilikka ma’lum, Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini neftdan boshqa sohalarga diversifikatsiya qilishni ancha oldin boshlagan. Bu uchun qirollikda “Vision 2030” loyihasi bor. Aynan shu loyiha doirasida Tramp tashrifi chog‘ida Saudiya Arabistonining Davlat investitsiya jamg‘armasi “Humain” nomli AI startapi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu Saudiya Arabistonining kelajagini shakllantirishda inqilobiy tashabbus ekani aytilmoqda. “Humain” iqtisodiy diversifikatsiya, inson kapitalini rivojlantirish va mintaqaviy raqamli suverenitetni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Bu loyiha gipermiqyosdagi ma’lumotlar markazlari va murakkab bulutli infratuzilmani yaratish hamda sog‘liqni saqlash, energetika, ta’lim va hukumat kabi muhim tarmoqlar bo‘ylab sun’iy intellekt ilovalarini uzluksiz integratsiyalaydi.

Yuqorida qayd etilgan jarayonlar Trampning Saudiyaga tashrifi davomida amalga oshirgan iqtisodiy natijalari. Ammo u saudlar huzurida faqat iqtisod bilan cheklanmadi. U 13 may kunidagi investitsiya forumida Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlanishini ma’lum qildi. Trampning bu e’loni Damashq ko‘chalarida o‘ziga xos bayram va xursandchilik bilan qarshi olindi. Oradan bir kun o‘tib, 14 mayda AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi. Uzoq yillar davomida Ahmad ash-Shara AQSH tomonidan terrorchi sifatida ko‘rilgan. Qisqa qilib aytganda, Shara o‘tmishda uning boshi uchun 10 million dollar tikkan mamlakat prezidenti bilan jonli muloqot qilishga erishdi. Hatto mazkur uchrashuvdan so‘ng, samolyot bortida jurnalistlarning Shara haqida bergan savoliga Tramp uni og‘ir o‘tmishga ega bo‘lgan, yosh va kuchli yigit deya javob berdi. Aslida ikki o‘rtadagi uchrashuv Donald Trampning Yaqin Sharqqa kelishi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, rasmiy Damashq tomonidan so‘rab kelindi. Tramp uchrashish taklifini qabul qildi va ular o‘rtasida Saudiya valiahdi hamda onlayn tarzda Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an ishtirokida suhbat bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi so‘nggi 25 yil ichida birinchisi sanaladi. Uchrashuvda Tramp AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini yana ta’kidlagan. Bu qaror Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondan kelgan iltimosga binoan amalga oshirilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar o‘z maqsadiga erishgan va endi Suriya tiklanish va taraqqiyot yo‘lida yangi imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. Ammo Tramp Suriyaga mazkur sovg‘ani shunchaki berib yubormagani tabiiy. “Nyew York Post” nashri xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashuvda unga Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish va bu orqali Isroilni tan olishni taklif qilgan.

Ma’lumot uchun, Ibrohim kelishuvlari Trampning Isroil uchun qilgan eng katta xizmati hisoblanadi. Bu kelishuv u tomonidan birinchi prezidentlik mandatining so‘nggi oylarida tashkil qilingan bo‘lib, qator arab davlatlarining Isroilni tan olishi haqidagi qarorlarini o‘z ichiga oladi. Ibrohim kelishuvlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Marokash yahudiy davlatini tan olgan. Bu kelishuvlarning nomi esa yahudiylar va arablarning umumiy ajdodi, Bibliyadagi Ibrohimga nisbatan birodarlikning ifodasi sifatida kelib chiqqan. Ammo Saudiya va Suriya hozircha mazkur tashabbusda yo‘q. Faqat hozircha. Chunki Saudiyaga tashrif chog‘ida Tramp saudlarga ham shunday taklif bilan chiqqan. Ammo qirollik oilasi Falastindagi mojaroni ikki davlat yechimi bilan yakunlamasa, Isroilni tan olmasligini ko‘p bor ta’kidlagan. Suriya esa ortda qolgan yillar davomida Eron ta’sirida bo‘lgani bois Ibrohim kelishuviga qo‘shilishi amri mahol edi. Endilikda esa Damashqqa qo‘yilgan sanksiyalarning bekor qilinishi va Riyoddan undirilgan 600 mlrd dollarlik investitsiya hamda uning ichidagi tarixiy qurol savdosi ortidan Ibrohim kelishuviga qo‘shiluvchilar safi kengaysa ajab emas. Xullas, Trampning Saudiyaga tashrifi qator sohalardagi hamkorlikni jonlantirdi, raqamlar borasida rekordlarni urib tashladi. Ammo bu faqat boshlanishi edi. Uning Yaqin Sharqdagi keyingi qadamlari mazkur rekordlarning yangilanishi bilan davom etdi. Bu yo‘lda navbatdagi nuqtalar Qatar va BAA bo‘ldi.

Qatar – 1,2 trillion

14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonidagi rasmiy tashrifini yakunlab, Qatar mamlakatiga tashrif buyurdi. Uni Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy aeroportda kutib oldi. Tashrif davomida G‘azo sektoridagi vaziyat va Qatar vositachilardan biri bo‘lgan HAMAS harakati va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar muhokama qilinishi kutilgandi. Tashrif asosan unda imzolangan trillion dollarlik bitimlar bilan ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi. Ochig‘ini aytganda, Trampning Yaqin Sharqqa qilgan turnesi davomida imzolangan kelishuvlar bu yerdagi monarxiyalarning AQSHga investitsiya yotqizishda bir-biri bilan poygaga kirishgandek taassurot qoldirdi. Masalan, Saudiya bilan 600 milliard dollarlik bitimlardan so‘ng, Qatarda bu planka ikki barobarga ko‘tarildi. Ikki o‘rtada 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bitim doirasida Qatar AQSHdan 210 dona Boeing 787 Dreamliner va 777X samolyotlarini xarid qiladi. Qatar shuningdek, MQ-9 Reaper razvedka va hujumga mo‘ljallangan dronlarini qariyb 2 milliard dollarga sotib oladi. Bundan tashqari kichik, sekin va past balandlikdagi dronlarga qarshi mo‘ljallangan tizimlar ilk bor Qatarga eksport qilinishiga kelishildi va bu bitimning qiymati 1 milliard dollarni tashkil qiladi. Ushbu muhim kelishuvlar orasida eng yirigi Qatar tomonidan Boeing kompaniyasining 160 dan ortiq samolyotini xarid qilishga oid shartnoma bo‘ldi. Bitim qiymati qariyb 200 milliard dollarni tashkil etadi. Trampning ta’kidlashicha, bu Boeing tarixidagi eng yirik buyurtma. Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur uchrashuv bir necha soat davom etgan va juda qiziqarli o‘tgan. U Qatar amiri bilan Rossiya va Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilgan. Chunki bu borada, xuddi G‘azodagi kabi  Qatar juda muhim rol o‘ynamoqda. Ikki yetakchi uchrashuv davomida Eron masalasiga ham to‘xtalgan. Tramp, Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-davra suhbatida Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasidagi muzokaralarni “juda jiddiy” deb ta’rifladi va ular rivojlanishda davom etishini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish joizki, joriy yil aprel oyida 3 raundli Tehron va Vashington o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning 2 tasi Ummonda, biri esa Rimda tashkil etildi. Qizig‘i shundaki, bu muzokaralar Eron talabi bilan bevosita emas, balki bilvosita o‘tkazildi. Bunday uchrashuvning o‘ziga xosligi shundaki, vositachi rolidagi davlat vakili, masalan Ummondan biron bir vakolatli shaxs dastlab Eron delegatsiyasi bilan bir necha daqiqa suhbat qiladi va eronliklar o‘tirgan xonadan chiqib, ularning talab va istaklarini boshqa xonada o‘tirgan amerikaliklarga yetkazadi. Shu taxlit vositachi ikki xona o‘rtasida bir necha bor qatnaydi. Masalan, Ummondagi birinchi raundda vositachi shaxs ikki tomon orasida 4 marotaba qatnagani aytilgandi. Aprel oxiriga kelib esa Ummon poytaxti Maskat shahrida Eron va AQSHning yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarning uchinchi raundi ikki tomonning ekspertlari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi va u yetti soatdan ortiq davom etdi. Mutaxassislar bu raundni texnik muzokaralarning murakkabroq bosqichi sifatida baholadilar, chunki Vashington bunda o‘z shartlarini belgilashi lozim edi. Muhokamalardan maqsad sanksiyalarni yumshatish evaziga Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarishni to‘xtatuvchi yangi kelishuvga rozilik berishiga erishish edi. Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning yuqori darajadagi siyosiy, harbiy va yadroviy maslahatchisi Ali Shamxaniy bundan sal avval NBC News’ga Tehron unga qo‘yilgan barcha sanksiyalar zudlik bilan yechilishi evaziga yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishga tayyorligi, urandan faqat fuqarolik infratuzilmasida foydalanish uchun zarur bo‘lgan quyi darajada boyitishga roziligi va xalqaro inspektorlarga uni nazorat qilishga ruxsat berishini ma’lum qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Aroqchi Tehronning uranni boyitish qobiliyati Eron xalqining asosiy huquqi ekani va bu yadroviy muzokaralarda qizil chiziq bo‘lib qolganini aytdi. Aroqchi bu Eron xalqiga tegishli huquq va uni hech kim tortib ololmaydi, deya ta’kidladi. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa Eron xalqining or-nomusi hech qanday holatda sotilmasligini bildirdi. Tramp bo‘lsa, o‘zining talablari juda sodda ekanini iddao qilyapti. U Eronga juda qisqa mesej yo‘lladi. AQSH prezidentiga ko‘ra, u Eronga kelishuv bo‘yicha 30 sahifali tafsilotlarni berishi shart emas va Tehron shunchaki yadro quroliga ega bo‘lmasligi lozim, vassalom.

BAA – 1,4 trillion dollar

Qatarni tark etgan Tramp, 15 may kuni rasmiy davlat tashrifi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahriga yetib bordi. Tramp va uning hamrohligidagi delegatsiyani aeroportda BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zayd Ol Nahayon kutib oldi. Shuningdek, unga peshvo chiqqanlar orasida Abu-Dabi valiahdi, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi shayx Tahnun bin Zayd Ol Nahayon, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri shayx Abdulloh bin Zayd Ol Nahayon, Prezident maslahatchisi shayx Muhammad bin Hamad bin Tahnun Ol Nahayon, Prezident idorasining strategik masalalar bo‘yicha rahbari, doktor Ahmad Muborak al-Mazrui, BAAning AQSHdagi elchisi Yusuf al-Utayba va boshqa yuqori martabali amaldorlar bo‘lgan. Tramp sharafiga prezident saroyi Qasr al-Vatan hovlisida rasmiy qabul marosimi o‘tkazilib, uzun sochli ayollar tomonidan “xalijiy” deb ataluvchi soch raqsi ijro etildi. Aynan shu tarzda ular AQSH Prezidentini qarshi oldi. “Xalijiy” raqsiga to‘xtaladigan bo‘lsak, raqs nomi arab tilida “ko‘rfaz” degan ma’noni bildiradi, chunki bu raqs Fors ko‘rfazi mamlakatlarida keng tarqalgan. Ma’lumotlarga ko‘ra uni faqat rasmiy tadbirlardagina emas, balki to‘ylarda ham ijro etishadi. Ko‘rib turganingizdek, raqs davomida raqqosalar boshlarini pastga egib, sochlarini silkitadi.

Ammo bu tashrifning asosiy tafsiloti emas. Trampning Nahayonlar oilasi bilan muzokaralaridagi asosiy nuqta BAA keyingi 10 yilda AQSHga 1,4 trillion dollar sarmoya kiritishi haqidagi xabar bo‘ldi. Al Nahayan bilan uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida Tramp BAAga bunday miqdordagi sarmoya uchun minnatdorlik bildirdi. AQSH prezidenti bu investitsiyalar sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH iqtisodi prezident sifatidagi birinchi muddatida yaxshi holatda edi va bu uning ikkinchi muddati davomida yanada yaxshilanadi. AQSH va BAA munosabatlari yaxshilanishiga ishonch bildirgan Tramp Al Nahayonga: “Sen boy davlatsan, o‘z tanlovingni qila olasan, lekin bilamanki, bizdan hech qachon voz kechmaysan”, degan. Bu Trampning bir necha yil ilgari Saudiya qiroliga aytgan gaplarini eslatib yubordi. O‘shanda Tramp omma oldida qirolga “men bo‘lmasam bir kunda qulaysan” deb aytganini oshkor qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Rossiya Turkiya Donal'd Tramp Saudiya Arabistoni Hindiston Pokiston Putin Ukraina BAA Qatar Meksika Isroil Ilon Mask Amerika Jared Kushner Abu-Dabi G'azo HAMAS Sharqiy Evropa Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Ar-Riyod Savdo urushi Al Arabiya IBM Arvind Krishna Muhammad bin Zayd Ol Nahayon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing