Trampning Britaniyaga tashrifi tantana va norozilik bilan boshlandi

Olam

image

Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III va boshqa britaniyalik qirollik oila a’zolari bugun, 17 sentyabr kuni Donald Trampni kutib oldi. AQSH Prezidentining Buyuk Britaniyaga tarixiy ikkinchi davlat tashrifi beqiyos tantana, kuchli xavfsizlik choralari, texnologiya sohasiga investitsiyalar va norozilik namoyishlari bilan boshlandi.

Tramp va uning rafiqasi Melaniya dunyoning eng qadimiy va eng katta turarjoy qal’asi – Vindzor qasriga yetib keldi. Bu qasr qariyb 1000 yildan beri Britaniya monarxlarining xonadon uyi hisoblanadi. Ular monarx, uning rafiqasi Kamilla, valiahd shahzoda Uilyam va uning rafiqasi Keyt tomonidan kutib olindi va shundan so‘ng qasr hovlisida aravada tantanali yurish bo‘lib o‘tdi.

Hashamatli ziyofat oldidan harbiy havo paradi bo‘ladi. Britaniya hukumatining ta’kidlashicha, bu davlat tashrifi uchun zamonlar xotirasidagi eng yirik harbiy tantanali kutib olish marosimi bo‘ladi.

Monarxiya muxlisi sifatida Tramp bundan nihoyatda mamnunligini yashirmadi: u nafaqat birinchi AQSH prezidenti, balki birinchi saylangan siyosatchi sifatida britan monarxi tomonidan ikki marta davlat tashrifiga taklif etilgani uchun g‘oyat xushnud. U Britaniyaga kelganida jurnalistlarga: “Men Britaniyani sevaman. Bu juda ham o‘ziga xos joy”, dedi.

Britaniya “maxsus munosabat”ni mustahkamlashni umid qilmoqda

Bosh vazir Kir Starmer bu ruhdan Britaniya manfaati yo‘lida foydalanishga umid qilmoqda. Uning hukumati ikki davlatning “maxsus munosabat”ini mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, milliardlab dollarlik investitsiyalarni kafolatlash, tariflar haqida muzokaralar olib borish va AQSH Prezidenti bilan Ukraina hamda Isroil masalasini muhokama qilishni istamoqda.

Microsoft, Nvidia, Google va OpenAI kabi kompaniyalar yaqin bir necha yil ichida Buyuk Britaniyaga sun’iy intellekt, kvant hisoblash va fuqarolik atom energetikasi sohalarida 31 milliard funt (42 milliard dollar) investitsiya kiritishga va’da bergan.

Starmer, shuningdek, savdo sohasida qo‘shimcha ilgarilashga erishishni xohlaydi. Britaniya avval Tramp bilan ayrim tariflarni kamaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishgandi. Endi muzokaralarda po‘lat, viski va qolgan tariflar haqida ham so‘z borishi mumkin.

“Ular savdo kelishuvini biroz takomillashtirish mumkinmi, shuni ko‘rishmoqchi”, dedi Tramp kecha kuni Britaniyaga jo‘nab ketish oldidan.

Biroq Starmer Trampning Britaniyaga bo‘lgan muhabbatidan va shohona tantanalarning kuchidan umid qilsa-da, unda ko‘plab xavf-xatarlar ham yo‘q emas. So‘rovlar Trampning Britaniyada omma orasida unchalik mashhur emasligini ko‘rsatmoqda. Tramp uchun esa qulayotgan reytinglar va iqtisodiy muammolardan qutulish uchun “shohona kozir” samara berishi shart.

Norozilar Epshteyn haqidagi namoyish bilan xavfsizlikni buzdi

Marhum jinoyatchi Jeffri Epshteyn haqida noqulay savollar ham ko‘tarilishi mumkin. Oxirgi haftada Starmer Britaniyaning Vashingtondagi elchisi Piter Mandelsonni Epshteyn bilan aloqalari tufayli ishdan oldi. Bu esa ham Starmer, ham Tramp uchun savollarni kuchaytirishi ehtimoli yuqori.

Uindzorda katta politsiya operatsiyasi o‘tkazilganiga qaramay, kecha, 16 sentyabr kuni Tramp va Epshteyn surati qasr minorasiga proyeksiya qilingach, to‘rt kishi hibsga olindi. Bu vaqtda Tramp u yerda emasdi.

Londonda bugun, 17 sentyabr kuni katta norozilik namoyishlari ham kutilmoqda. “Stop the Trump Coalition” guruhi aksiyasini nazorat qilish uchun 1600 politsiya xizmatchisi jalb etildi. Poytaxt yo‘lovchilarining fikrlari turlicha bo‘ldi: ayrimlar taklifdan g‘azabda, boshqalar esa buni aqlli siyosat va Britaniyaning “yumshoq kuch”idan foydalanish deb baholadi.

“Biz yomon vaziyatdan eng yaxshi foyda chiqarishga harakat qilayapmiz”, dedi 54 yoshli advokat Kirsti Robertshou.

Tramp tantanali marosimlar bilan hayratga solinadi

17 sentyabr kunning asosiy qismi tantana bilan o‘tadi. Tramp va uning rafiqasi avval qirolning “juda kelishgan” o‘g‘li shahzoda Uilyam va Keyt tomonidan kutib olindi.

Charlz va malika Kamilla ham Tramplar bilan aravada yurishda qatnashdi. Yo‘l bo‘ylab 1300 britan harbiy xizmatchisi saf tortib turdi. Prezident ba’zan qirol bilan suhbatlashib, kulib ham oldi, keyin esa qizil forma kiygan askarlar safini ko‘zdan kechirdi.

Keyinroq shohona oila Prezident va birinchi xonimga AQSH bilan bog‘liq tarixiy eksponatlarni namoyish etadi. Shundan so‘ng Tramplar 2019 yilda Trampning ilk tashrifi chog‘ida uni qabul qilgan marhuma qirolicha Yelizaveta II dafn etilgan Jorj ibodatxonasiga tashrif buyuradi va uning qabriga gulchambar qo‘yadi.

Shuningdek, Britaniya va AQSH F-35 harbiy samolyotlari ishtirokida havo paradi bo‘ladi. Bu AQSH-Britaniya mudofaa hamkorligining ramzi hisoblanadi. So‘ngra Qirol va Prezident nutq so‘zlaydigan hashamatli davlat ziyofati tashkil etiladi.

Charlz III uchun bu tashrif turli his-tuyg‘ular uyg‘otishi mumkin. Uning ekologik tashabbuslardagi 50 yillik faoliyati, dinlararo hamjihatlik harakatlari va Kanadaga ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlovi Trampning qarashlariga umuman mos kelmaydi. Ammo bu marosim unga taxtga chiqishdan keyingi eng katta global e’tiborni olib keladi.

“Agar tashrif yaxshi o‘tsa, menimcha, bu uning hukmronligidagi eng muhim voqea sifatida tarixga kiradi”, dedi tarixchi Entoni Seldon.

Ertaga, 18 sentyabr kuni esa tadbirlar Starmerning Chekers qishloq uyiga ko‘chadi va bu yerda asosiy e’tibor geosiyosatga qaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Charl'z III

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing