Trampning impichmenti qachon ko‘rib chiqilishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

AQSH Kongressi Senatidagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell demokrat senatorlar yetakchisi Chak Shumerga sobiq Prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayonining birinchi bosqichlari jadvalini yubordi. Bu haqda Makkonnellning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berilgan. 

Respublikachilar taklifiga binoan Vakillar palatasi joriy yilning 28 yanvar kuni ayblov xulosasini Senatga taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng, Trampga impichment moddalariga javob tayyorlash uchun bir hafta, sudgacha eslatmani topshirish uchun yana bir hafta muddat berish taklif qilinmoqda.

Shunday qilib, respublikachilar jarayonga tayyorgarlik ko‘rish uchun Trampning mudofaasiga 11 fevralga qadar vaqt berishmoqchi. 

"Shundan so‘ng Vakillar palatasi ikki kun ichida o‘z mudofaa bayonotlarini taqdim qilishi kerak", deyilgan xabarda. 

Taklif etilgan jadvalga ko‘ra, Senatda impichment jarayoni 2021 yilning 13 fevralidan kech boshlanmasligi kerak.

Avvalroq, Makkonell Trampning impichmentini ko‘rib chiqishni keyinga qoldirishi mumkin, degan gaplar ham tarqalgan. 

AQSHda 2020 yil 3 noyabr kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Prezidentlikka asosiy da’vogarlar – demokrat Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp edi. Ommaviy ovoz berish va saylovchilarning ovoz berish natijalariga ko‘ra, Bayden g‘alaba qozondi, ammo Tramp saylov natijalarini tan olmadi va sudlarga da’vo qildi.

6 yanvar kuni Trampning tarafdorlari mamlakat poytaxti Vashingtondagi Kapitoliy oldida namoyish uyushtirib, Kongress binosiga bostirib kirdi. Kapitoliyga hujum fonida Trampga ikkinchi impichment e’lon qilindi. Shundan so‘ng, bir qator messenjerlar ham Trampning akkauntlarini blokladi.

O‘sha kuni bu voqealardan avvalroq Tramp Vashingtonda tarafdorlari bilan uchrashib, unda to‘planganlarni Kapitoliyga kelib, qonun chiqaruvchilarga “o‘g‘irlangan saylovlar” bo‘yicha o‘z noroziliklarini bildirishga chaqirgan. 

Tramp vakillar palatasi ikki marta impichment e’lon qilgan AQSH tarixidagi birinchi Prezident bo‘ldi. Trampga 2019 yil dekabrida birinchi marta impichment e’lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq Senat Trampni oqlagandi.

20 yanvar kuni Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harrisning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Bayden rasman AQSHning 46-prezidenti bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh impichment

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing