Trampga ishonish: HAMAS nega tavakkal qildi?
Tahlil
−
11 Oktabr 2025 5748 7 daqiqa
HAMAS Donald Trampni irqchi, “xaos uchun retsept” va G‘azo uchun absurd g‘oyaga ega inson deb atagan. Biroq o‘tgan oyda sodir bo‘lgan noodatiy telefon muloqotidan so‘ng, HAMAS AQSH Prezidentiga ishonish mumkin degan fikrga keldi. Bu haqda besh falastinlik manba (uch nafari HAMASdan)ga tayanib, “Reuters” agentligi yozdi.
Gap, o‘sha paytda keng yoritilgan, Tramp Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Qatar Bosh vaziri bilan gaplashtirib, Dohadagi HAMAS siyosiy rahbarlari joylashgan turarjoy majmuasiga qilingan Isroil hujumi uchun uzr so‘rashga majbur qilgani haqida ketmoqda.
Qatardagi bu bombardimon hujumida HAMAS yetakchilari, jumladan bosh muzokarachi Xolil al-Hayya nobud bo‘lmadi. Trampning shu vaziyatni boshqarish uslubi esa HAMASda unga nisbatan ishonch uyg‘otdi – ya’ni u Netanyaxuga qarshi tura oladi va G‘azodagi urushni tugatishga jiddiy yondashmoqda, degan qarash paydo bo‘ldi.
Endi esa, 8 oktyabr kuni Tramp vositachiligidagi otashkesimni imzolagan HAMAS, shu inson so‘ziga yana ishonch bildirdi – garchi u shu yilning o‘zida falastinliklarni G‘azodan chiqarish va uni AQSH nazoratidagi dengiz kurortiga aylantirishni taklif qilgan bo‘lsa ham.
Kecha, 10 oktyabr kuni kuchga kirgan kelishuvga ko‘ra, HAMAS Isroilning to‘liq chiqib ketishiga doir kafolatlarsiz garovdagilarni ozod qilishga rozi bo‘ldi. Yana ikki falastinlik manbaaga ko‘ra, bu katta tavakkal bo‘lib, u kelishuvga shu qadar ko‘ngil qo‘ygan Tramp uni ishlatmay qoldirmaydi, degan umidga tayanadi.
“HAMAS yetakchilari bu tavakkal ortga qaytishi mumkinligini yaxshi biladi”, dedi manbalardan biri. Ular qo‘rqadiki, garovdagilar ozod etilgandan so‘ng Isroil qaytadan harbiy amaliyotlarni boshlashi mumkin – yanvar oyidagi otashkesimdan keyin bo‘lgani kabi, o‘shanda ham Tramp jamoasi faol ishtirok etgan edi.
Biroq Sharm al-Shayxda Qizil dengiz bo‘yida Isroil bilan bilvosita muzokaralar uchun yig‘ilgan HAMAS vakillari, Trampning yaqin odamlari va mintaqadagi nufuzli arab vositachilarining ishtirokini ko‘rib, o‘z talablarining ko‘p qismi hal etilmaganiga qaramay, otashkesimga imzo chekdi – jumladan Falastin davlati masalasi ham ochiq qoldi.
“Trampning faol ishtiroki “aniq sezildi”, dedi hodisada qatnashgan HAMAS amaldorlaridan biri.
Yuqori martabali AQSH rasmiysi marafon tarzdagi muzokaralar davomida Tramp shaxsan uch marta qo‘ng‘iroq qilgan, deb tasdiqladi. Uning kuyovi Jared Kushner va yordamchisi Stiv Uitkoff esa Isroil va Qatar vakillari o‘rtasida qatnayotgan edi.
Keyingi bosqichlar uchun kafolat yo‘q
Urushga barham berish yo‘lini ochishi mumkin bo‘lsa-da, Trampning 20 banddan iborat G‘azo rejasida ko‘zda tutilgan keyingi bosqichlar amalga oshishiga hech qanday kafolat yo‘q.
Biroq Trampning ham Qatardagi zarbalar, ham iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushni to‘xtatgan otashkesimni boshqarishi HAMAS delegatsiyasiga AQSH Prezidenti garovdagilar ozod etilgan zaxoti Isroilni urushni qayta boshlashga qo‘yib berib qo‘ymaydi, degan ishonch berdi.
Vashingtondagi vaziyatdan xabardor bir manbaga ko‘ra, Trampning yordamchilari Qatarga qilingan zarbalar tufayli uning Netanyaxuga nisbatan g‘azabini G‘aza urushiga chek qo‘yish uchun bosim vositasiga aylantirish imkonini ko‘rgan. Oq uyning yuqori martabali mansabdorining aytishicha, keng tashqi va iqtisodiy siyosiy manfaatlarida muhim bo‘lgan Fors ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirgan Tramp Qatar Amirini shaxsiy do‘st hisoblaydi va u televideniyeda zarba tasvirlarini ko‘rishdan norozi bo‘lgan. U bu zarbani “Arab dunyosi birlashishiga olib kelgan muhim burilish nuqtasi” deb atagan.
G‘azodagi muzokaralar va vositachilik jarayonidan xabardor falastinlik amaldor Trampning omma oldida Qatarga qarshi bunday Isroil hujumlari qayta takrorlanmasligi haqidagi va’dasi uning obro‘sini HAMAS va mintaqadagi boshqa ishtirokchilar ko‘z o‘ngida oshirganini aytdi.
“U Qatarga Isroil ularga yana hujum qilmasligi bo‘yicha xavfsizlik kafolati bergani – HAMASning otashkesimga ishonchini oshirdi”, dedi Isroildagi Bar-Ilan universitetining siyosiy tadqiqotlar bo‘limi vakili Jonatan Raynhold.
G‘azodagi falastinlik manbaga ko‘ra, HAMAS Trampning Eron va Isroilga jangni to‘xtatish haqida bergan ochiq buyrug‘ini ham yodda tutgan. U ayniqsa Trampning Eronga bomba tashlash rejasi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib e’lon qilingan Truth Social’dagi “Isroil samolyotlari orqaga qaytib, uyiga qaytsin” degan talabi muhim bo‘lganini ta’kidladi.
“U sahnaviy xarakatlar qilsa-da, aytganini qiladi. Bu esa Isroilni otashkesimga rioya qilishga majbur qila olishini ko‘rsatdi”, dedi manba.
7 oktyabrda muzokaralar boshi berk ko‘chada edi
Tramp o‘zining umumiy rejasini 29 sentyabr kuni, Netanyaxuning Oq uyga tashrifi paytida e’lon qildi va HAMAS to‘rt kun o‘tib unga shartli rozilik berdi – buni AQSH Prezidenti “yashil chiroq” sifatida qabul qildi.
Biroq muzokaralar joriy yil 7 oktyabr kuniga qadar ham rejani qanday amalga oshirish masalasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgani ko‘rinib turgan edi. Muzokaralardan xabardor manbaning aytishicha, bahs asosan Isroil qo‘shinlari G‘azodan qay darajada tez va qay masofagacha chekinishi kerakligi ustida to‘xtab qolgan edi – bu HAMASga garovdagilarni yig‘ib, ozod qilish imkoniyatini berish uchun zarur edi. Qatar, Misr va Turkiya vositachilari jarayonni siljita olmagan. Muammoni yechish uchun Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy 7 oktyabr kuni Sharm-al-Shayxka shaxsan borishga qaror qildi. Shu bilan birga, Uitkoff va Kushner 8 oktyabr kuni tongda yetib bordi va muzokaralar tush atrofida boshlandi.
NATOga a’zo Turkiyaning razvedka rahbari Ibrohim Kalinning ishtirok etishi ham muhim bo‘ldi, chunki Anqara HAMAS bilan kuchli aloqalarga ega. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqinda Tramp bilan uchrashganda AQSH yetakchisi undan HAMASni rejani qabul qilishga ishontirishda yordam so‘raganini aytgandi.
Ikki yil davomida HAMAS shunday talab qilib keldi: garovdagilar faqat Isroil to‘liq chekinib, urushga nihoya bergan taqdirda ozod etiladi. Isroil esa urush faqat barcha garovdagilar qaytarilib, HAMAS yo‘q qilinganidan so‘ng to‘xtaydi, deb keldi. Birorta tomon ham o‘z shartlarini to‘liq o‘tkaza olmadi: Isroil hozircha G‘azoning yarmida qoladi, HAMAS esa tashkilot sifatida saqlanib qoladi.
“Tramp rejasidagi muhim talab – HAMASning quroldan voz kechishi – keyingi bosqichga qoldirildi. Ammo aynan shu vaziyat – ikkala tomon yana natija izlayotgan sharoit – kelgusi muzokaralarni olg‘a siljitishda xizmat qilishi mumkin”, dedi jarayondan xabardor manbalardan biri.
AQSHning yuqori martabali rasmiysi va G‘azodagi falastinlik amaldorning aytishicha, muzokaralar chog‘ida muhim holat shunda bo‘lganki, vositachilar HAMASni garovdagilarni ushlab turish endi uning kuchi emas, balki uning vazifasiga aylanganiga ishontirishga muvaffaq bo‘lgan.
HAMAS shunday xulosaga keldiki, garovdagilarni ushlab turish falastinliklar manfaatiga qarshi ishlamoqda va ularsiz Isroil urushni qayta boshlash uchun asossiz qoladi. Biroq guruh biror yozma kafolat olgani yo‘q, ya’ni birinchi bosqichda (garovdagilar ozod qilinishi, Isroil qo‘shinlarining qisman chekinishi va janglar to‘xtashi) keng miqyosli urushni tugatuvchi kelishuvga o‘tilishini ta’minlovchi aniq mexanizmlar mavjud emas. HAMAS faqat AQSH va vositachi davlatlar – Misr, Qatar va Turkiya – tomonidan berilgan og‘zaki ishonchga suyanmoqda.
“Tramp bu kelishuvni oxirigacha yetkazadi va garovdagilar ozod qilingach, Isroilga urushni qayta boshlashga yo‘l qo‘ymaydi. Biz uchun bu kelishuv urushni tugatadi”, dedi HAMAS amaldorlaridan biri.
Xavfli qadam aks ta’sir qilishi ham mumkin
HAMAS rahbarlari yaxshi anglaydiki, ular tanlagan bu tavakkalchilik o‘yini aks ta’sir ham berishi mumkin.
Yanvar oyidagi otashkesimdan keyin bosqichma-bosqich garovdagilarni ozod etish va Isroil qo‘shinlarining chekinishi rejasiga qaramay, Tramp jarayon o‘rtalarida to‘satdan: agar HAMAS barcha asirlarni bir yo‘la ozod etmasa, kelishuvni bekor qilib, “do‘zax eshiklarini ochib yuboraman”, deb bayonot bergan edi.
Shundan bir necha hafta o‘tib, kelishuv buzildi va urush yana avj oldi. G‘azo sog‘liqni saqlash organlariga ko‘ra, buning oqibatida yana 16 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroil tomoni yordamni embargo qildi va dunyo bo‘ylab ochlik kuzatuvchilari anklavda ocharchilik borligini e’lon qildi.
Bir mintaqaviy diplomat aytganidek, agar HAMAS yoki uning ittifoqchilari Isroilga qarata raketa hujumlari kabi tajovuzkor harakatlar qilsa, Isroil vaziyatdan foydalanib, guruhga zarbalarni davom ettirish vasvasasiga tushishi mumkin.
“Shunga qaramay, bu safargi holat avvalgi otashkesimdan farqli tuyuldi”, dedi HAMAS amaldorlaridan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu gal isroilliklar kelishuvga jiddiy yondashgan va Misr, Qatar, Turkiya hamda amerikaliklar ikki tomonga ham kuchli bosim o‘tkazgan – bu esa natija bera boshlagan.
Muzokaralardan xabardor manbaning ta’kidlashicha, Trampning 12 oktyabr kunidan boshlab Yaqin Sharqqa “g‘alaba safari” bilan kelishi ham kelishuvga rioya qilinishiga xizmat qiladi – hatto hal etilishi kerak bo‘lgan og‘ir masalalar qolgan bo‘lsa ham. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Trampga taklifi “juda aqlli qadam” deb ta’riflandi.
Live
Barchasi