Trampga 321 ta brilliant o‘rnatilgan noyob uzuk sovg‘a qilindi
Olam
−
30 iyun 7039 2 daqiqa
Antverpen butunjahon olmos markazi (AWDC) AQSH Prezidenti Donald Trampga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 321 ta tabiiy brilliant qo‘yilgan oltin uzuk sovg‘a qildi. Sovg‘a Amerika Qo‘shma Shtatlarining Belgiyadagi elchisi Bill Uaytga topshirildi. Bu haqda AWDC tashkilotining Facebook’dagi sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, uzuk oltindan yasalgan bo‘lib, 321 ta tabiiy brilliant va boshqa 75 ta qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
“Qo‘shma Shtatlar avlodlar davomida bizning asosiy savdo hamkorimiz bo‘lib kelmoqda. Antverpenda sotiladigan tabiiy olmoslarning katta qismi yakunda amerikalik xaridorlarga yetib boradi. Biz ushbu uzukning yaqin iqtisodiy aloqalarimiz ramzi bo‘lishini istaymiz”, deyiladi xabarda.
Uzukni tayyorlashda faqat tabiiy brilliantlardan foydalanilgani alohida ta’kidlangan.
“Tabiiy va sun’iy olmoslarni oddiy ko‘z bilan farqlab bo‘lmaydi, biroq ularning kelib chiqishi, o‘ziga xosligi, qiymati va maqomi sifat jihatidan tubdan farq qiladi”, deya qayd etgan markaz.
Ma’lumot uchun, Antverpen 500 yildan ortiq vaqt davomida jahon brilliant poytaxti maqomini saqlab kelmoqda. Shahar birjalari orqali dunyodagi jami xom olmosning 80 foizgacha bo‘lgan qismi o‘tadi. Antverpenning olmos kvartali hududida butun dunyodan 1 700 ta brilliant kompaniyalarining ofislari va vakolatxonalari joylashgan.
1863 yilda shaharda dunyodagi birinchi rasmiy olmos birjasi ochilgan. Ushbu hududda Antverpen butunjahon olmos markazi va to‘rtta savdo birjasi joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Qatar tomonidan sovg‘a qilingan yangi prezident samolyotini jamoatchilikka taqdim etgandi. Uning aytishicha, mazkur layner kelgusida mamlakat rahbarining asosiy havo transportiga aylanadi.
Live
Barchasi