Trampdan cho‘chigan Venesuela Putindan yordam so‘radi – OAV

Olam

image

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSHning Karib mintaqasidagi harbiy faolligi ortidan Rossiya rahbari Vladimir Putinga murojaat qilib, mamlakatga raketalar, radarlar va modernizatsiya qilingan samolyotlar yetkazib berishni so‘ragan. Bu haqda maxfiy hujjatlarga tayangan holda, “The Washington Post” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Venesuela, shuningdek, Xitoy va Eronga ham murojaat qilgan. Maduoro Xitoy rahbari Si Szinpinga yo‘llagan xatida ikki davlat o‘rtasida “harbiy hamkorlikni kengaytirish”ni so‘rab, bu “AQSH va Venesuela o‘rtasidagi keskinlikka javob chorasi” ekanini bildirgan.

Eron tomoni bilan aloqani Venesuela Transport vaziri Ramon Selestino Velaskes olib bormoqda. U ilgari harbiy texnika yetkazib berishni muvofiqlashtirgan va Eronni shaxsan borishni rejalashtirgan. Hujjatlarda aytilishicha, Karakas “razvedka uskunalari”, GPS signallarini to‘suvchi qurilmalar va ehtimoliy 1 000 km masofaga uchuvchi dronlarga ehtiyoj sezmoqda.

Qayd etish joiz, Tramp va Maduro o‘rtasidagi qizil chiziq allaqachon kesib o‘tilgan. Tramp Maduro boshchiligidagi hokimiyatni giyohvand moddalarni tarqatishda ayblaydi va unga bir necha bor qidiruvlar e’lon qilgan. Qolaversa, Tramp Venesueladagi giyohvand modda ishlab chiqarish ob’ektlariga zarba berish rejasini ko‘rib chiqqan. 

Tramp avvalroq Venesuelaga qarshi zarbalar bo‘lishi mumkinligini rad etgan bo‘lsa-da, nashr manbalari Maduoroning Rossiyaga murojaati aynan shu vaziyat fonida yuborilganini bildiradi.

Gazetaning yozishicha, maxfiy hujjatlarda Xitoy va Eronning bu murojaatlarga qanday javob bergani ko‘rsatilmagan. Ammo nashrga ko‘ra, Maduroning “asosiy najot halqasi” Rossiya bo‘lib qolmoqda. “Flightradar24” ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 26 oktyabr kuni Rossiyaning Il-76 samolyoti Karakasga qo‘ngan, ertasi kuni esa Rossiya Venesuela bilan strategik hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qilgan.

Rossiya Kengashi xalqaro ishlar qo‘mitasi rais o‘rinbosari Vladimir Jabborovning aytishicha, Moskva to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy mojaro aralashmaydi, ammo shartnomaga muvofiq yordam ko‘rsatishga tayyor.

“Agar amerikaliklar hozir Venesuelaga qarshi agressiya boshlasa, bu ular uchun juda qimmatga tushadi. O‘tgan o‘n yilliklarda AQSHning barcha harbiy mojarolari yomon yakun topganini eslaylik masalan, Afg‘onistondan qanday qochishganini”, degan Jabborov. 

U, shuningdek, Rossiya va Venesuela o‘rtasidagi shartnomada “yopiq bandlar” ham bo‘lishi mumkinligini aytib, bu masalada izoh berish “nojoiz” ekanini qo‘shimcha qilgan.

Hozircha na Kreml, na Venesuela elchixonasi nashr ma’lumotlariga rasmiy izoh bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Nikolas Maduro samolyotining bir uchuvchisini yollashga harakat qilgani haqida xabar berilgandi. AQSH uchuvchiga Venesuela Prezidenti samolyotini Puerto-Riko, Dominikan Respublikasi yoki Guantanamo (AQSH bazasi)ga qo‘ndirishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Xitoy Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing