Tramp joriy etgan bojlariga 90 kunlik pauza e’lon qildi
Olam
−
10 aprel
3573AQSH Prezidenti Donald Tramp 90 kun davomida savdo bo‘yicha hamkorlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlarni joriy etishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi. Biroq shu muddat ichida har bir mamlakat uchun 10 foizlik boj amal qiladi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bayonot e’lon qildi.
“Men 90 kunlik pauzani va shu davr uchun keskin kamaytirilgan 10 foiz miqdoridagi o‘zaro bojni tasdiqladim. U darhol kuchga kiradi”, deb yozdi Tramp.
Bildirilishicha, bu qaror 75 dan ortiq davlatning AQSHdan bojlar va savdo to‘siqlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni so‘ragani bilan bog‘liq. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatlar hech qanday javob chorasi ko‘rmagan. Biroq Xitoy bu borada boshqa yo‘l tutgan: u javob tariqasida bojlar joriy qilgani bois, unga nisbatan boj stavkasi 125 foizgacha ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, bojlar joriy etilganidan so‘ng Trampni prezidentlik saylovlarida qo‘llab-quvvatlagan amerikalik milliarderlar ham ogohlantiruvchi bayonotlar bilan chiqdi. “The Washington Post”ning yozishicha, hatto Ilon Mask ham bu masala yuzasidan shaxsan Prezidentga murojaat qilgan.
Amerikalik milliarder Bill Ekman ikki kun oldin, 7 aprel kuni Trampga 90 kunlik pauza e’lon qilishni taklif etgan. Unga ko‘ra, bojlar tufayli AQSH biznes yetakchilari ishonchini yo‘qotmoqda.
“Bu qarorning bizning mamlakatimizga va Prezidentni qo‘llab-quvvatlagan millionlab amerikaliklarga, xususan, iqtisodiy jihatdan bosim ostida yashayotgan kam daromadli iste’molchilarga ta’siri nihoyatda salbiy bo‘ladi. Biz bunday narsa uchun ovoz bermagan edik”, degan Ekman.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 2 aprel kuni aksariyat mamlakatlar tovarlariga bojlar joriy etilishini e’lon qilgan edi. Ro‘yxatda 180 ga yaqin davlat va hududlar bo‘yicha boj stavkalari keltirilgan. Ulardan eng yuqori bojlari Vetnam (46 foiz), Shri-Lanka (44 foiz) va Kambodja (49 foiz) uchun belgilangan. Ko‘pchilik davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun 10 foizlik stavka belgilangan. Rossiyaga nisbatan esa hech qanday boj joriy qilinmagan.
AQSH Prezidentining bu qaroriga jahon va Osiyo moliya bozorlari keskin salbiy munosabat bildirdi – asosiy fond birjalari indekslari rekord darajada pasaydi.
LiveBarchasi