Tramp Zelenskiyga xavfsizlik kafolatini va’da berdi

Olam

image

Bugun, 13 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Tramp va Yevropa yetakchilari bilan videokonferensiyadan so‘ng, Tramp Rossiya bilan mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvi doirasida Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers va Zelenskiy o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Zelenskiy uch tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik zarurligini ta’kidlagan va Rossiya Ukrainani Yevropa Ittifoqi yoki NATOga qo‘shilishiga veto qo‘yish huquqiga ega bo‘lmasligi kerakligini bildirgan. U, shuningdek, muzokara jarayonini Rossiyaga bosim bilan birlashtirish zarurligini, ya’ni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishni qo‘shimcha qilgan. 

Zelenskiy Donetsk viloyatidan Ukraina Qurolli kuchlarini olib chiqish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini aytib, Kiyev o‘z hududlarini Moskvaga bermasligini bildirgan. U Yevropa yetakchilariga Putin tinchlik emas, balki bosib olishni istayotganini aytgan va Alyaskadagi asosiy mavzu otashkesim bo‘lishiga umid bildirgan. Barcha hududiy masalalar faqat yetakchilar darajasida, Ukraina ishtirokida hal qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Trampning Putin bilan uchrashuvda Ukrainada otashkesimga erishishni maqsad qilganini aytgan. Makronning so‘zlariga ko‘ra, hududiy masalalar ham faqat Ukraina ishtirokida muhokama qilinadi. Uchrashuv ishtirokchilari har qanday hududiy kelishuvlar Kiyevga xavfsizlik kafolatlari bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligini ochiq aytgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa pozitsiyasini e’lon qilib, Ukraina muzokaralarda teng qatnashishi, avval otashkesim, keyin hududiy masalalar muhokama qilinishi, Rossiyaning hududiy bosqinlarini huquqiy tan olish mumkin emasligini bildirgan. U xavfsizlik kafolatlari mustahkam va uzoq muddatli bo‘lishi, Ukraina armiyasi jangovar tayyorgarligini saqlashi, muzokaralar umumiy transatlantik strategiyaga mos kelishi va agar otashkesim muvaffaqiyatsiz tugasa, sanksiyalar kuchaytirilishi kerakligini ta’kidlagan. 

Mersning aytishicha, Alyaskadagi uchrashuvda Yevropa va Ukrainaning asosiy xavfsizlik manfaatlari muhokama qilinadi, Tramp Putin bilan uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy va Yevropa yetakchilariga xabar beradi.

Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadi. Unda Zelenskiy yoki Yevropa vakillari qatnashmaydi, ammo Tramp uchrashuvdan so‘ng Ukraina va Yevropa yetakchilari bilan onlayn maslahatlashadi.

“Sky News” ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa ittifoqchilari to‘liq otashkesimga erishilsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq kelishuv buzilsa, cheklovlar darhol qayta joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiya bilan havo hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha sulhni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Donetsk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing