Tramp Zelenskiy bilan hamfikr – Vens
Olam
−
28 avgust 3741 2 daqiqa
AQSH rahbari Donald Trampning ma’muriyati Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilish masalasida Prezident Vladimir Zelenskiy bilan ko‘p jihatdan hamfikrdir. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens USA Today nashri uchun bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, Vashington ma’muriyati “Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlab qolishni xohlaydi” va “Rossiyaning butun mamlakatni egallashini istamaydi”.
“Bu masalada biz katta darajada Zelenskiy bilan bir fikrdamiz. Ba’zi kelishmovchiliklarimiz bo‘lsa-da, biz, albatta, Ukrainani himoya qilishni xohlaymiz. Rossiya butun mamlakatni bosib olishini istamaymiz”, degan AQSH vakili.
U, shuningdek, soniyalar qadar jadallashib borayotgan urush bosqichi taraflar uchun hech qanday foydasiz kechayotgani, ruslar ham, ukrainlar ham bu qonli janglardan hech qanday muvaffaqiyat qo‘lga kiritmayotganini ta’kidlagan.
“Barcha uchun, jumladan AQSH uchun ham, eng to‘g‘ri qaror qurbonliklarni to‘xtatib, muzokaralar orqali tinch yechim topish”, degan Vens.
Vens avvalroq NBC kanaliga bergan intervyusida Rossiya urush boshlanganidan buyon ilk bor sezilarli yon berishlarga rozi bo‘lganini aytgandi. Vitse-prezidentga ko‘ra, asosiy hal etilmagan masala – hududlar taqdiri va xavfsizlik kafolatlari.
Xavfsizlik masalasida ko‘plab g‘arbliklar Ukrainaning yonida turib, mamlakatning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini bildirdi. AQSHga G‘arbning bu istagi maqbul, ammo Rossiya bu safda Xitoyni ham ko‘rishni xohlamoqda.
“Reuters”ga ko‘ra, hududlar masalasida Rossiya Ukrainaga Xarkov, Sumi va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi “kichik qismlarni” topshirishga, shuningdek, Zaporoje va Xerson front chizig‘ida hujumlarni to‘xtatishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari urush tugaganidan so‘ng Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari doirasida yordam ko‘rsatishga tayyorligi haqida xabar berilgandi. Ammo bu yordam faqatgina urush tugaganidan keyingina berilishi mumkin. Chunki 25 avgust kuni Tramp Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish uchun pul sarflamasligini aytgandi. Bu – urush barham topgunga qadar AQSH Ukrainaga umuman yordam ajratmasligini anglatadi.
Live
Barchasi