Tramp YeI bilan savdo bitimi tuzilganini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Yevroittifoq bilan savdo bitimi tuzdi. Bu haqda kecha, 27 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Shotlandiyada Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan suhbatdan so‘ng e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq AQSHdan 750 milliard dollarlik energiya resurslarini xarid qilishga va AQSH iqtisodiyotiga yana 600 milliard dollar sarmoya kiritishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Bryussel “juda katta miqdorda” harbiy texnika xarid qiladi.

Ma’lumot uchun, mazkur kelishuv Yevroittifoqqa Tramp joriy yilning 1 avgustidan joriy qilmoqchi bo‘lgan 30 foizlik boj to‘lovlaridan qochish imkonini beradi. Kelishuv doirasida AQSH Yevroittifoqdan keladigan importning katta qismiga, jumladan, avtomobillarga 15 foizlik boj joriy qiladi. Bungacha esa Yevroittifoqdan AQSHga mashina va avtomobil ehtiyot qismlari importiga 25 foizlik boj qo‘llanilar edi.

“Bryussel esa AQSH eksporti uchun bojsiz bozor ochadi”, deydi Tramp.

AQSH Prezidenti bu kelishuvni “eng yirik kelishuv” deb atagan. Ursula fon der Lyayen esa bu bitim barqarorlikka olib kelishini aytgan. AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnik esa Yevroittifoqdan chiplar va dorilar importiga boj to‘lovlari bo‘yicha qaror taxminan ikki haftada qabul qilinishini bildirgan.

Qayd etish joiz, tomonlar bahor oylaridan buyon savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi. O‘shanda Tramp deyarli 200 ta davlatga boj to‘lovlari joriy etilishini e’lon qilgandi. Yevroittifoq uchun bu stavka 20 foiz bo‘lishi kerak edi. Bungacha AQSH Yevroittifoqdan po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj joriy qilgan, keyinchalik esa bu tariflar ikki baravar oshirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Shotlandiyaga borgani va Glazgo Prestvik aeroportida jurnalistlar bilan uchrashuvda yevropaliklarni shamol turbinalaridan voz kechishga va migratsiyani to‘xtatishga chaqirgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ursula fon der Lyayen Evroittifoq savdo bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing