Tramp yashirincha Uitkoffga Rossiya bilan muloqotni boshlashni topshirdi – NYT

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiyada qamoqda saqlanayotgan AQSH fuqarosi Mark Fogelni ozod qilish uchun Rossiyaga tashrifi Vashington va Moskva o‘rtasidagi muloqotning yangi usulini ko‘rsatishi mumkin. Uitkoffning roli mahkum amerikalikni ozod qilish missiyasidan tashqarida, ya’ni Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik jarayonini boshlashga yordam berishdir. Bu haqda kecha, 11 fevral kuni vaziyatdan xabardor bir necha kishiga tayanib, “New York Times” xabar berdi.

Gazetaning ta’kidlashicha, Fogelning ozod etilishi uchinchi davlatlar orqali sodir bo‘lgan avvalgi agentlar va mahbuslar almashinuvidan farq qiladi: Uitkoff to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga uchib ketgan va Rossiya rasmiylari bilan muloqot qilgan. Bundan tashqari, Moskvaga tashrifi oldidan Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchilari bilan bevosita muzokaralar o‘tkazgan.

Shuningdek, Uitkoff Saudiya Arabistoni va Qatar vakillari bilan Ukrainadagi urushni ham muhokama qilgan.

Manbaga ko‘ra, Donald Tramp bir necha hafta oldin Uitkoffning vakolatlarini Yaqin Sharq tinchlik jarayoni doirasidan tashqarida yashirincha kengaytirgan va iste’fodagi general Keyt Kellogg Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlanganiga qaramay, unga Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar kanalini ochishni topshirgan.

NYT'ning yozishicha, Donald Tramp va Stiv Uitkoff o‘rtasida shaxsiy, ishonchli munosabatlar mavjud: ular 1980 yillardan beri do‘st bo‘lib kelgan, Tramp esa Uitkoffning muzokaralar olib borish mahorati Ukrainadagi urushni tugatish uchun yetarli, deb hisoblaydi.

“Shu bilan birga, AQSH ma’muriyatida ushbu masala bo‘yicha aniq pozitsiya noaniqligicha qolmoqda”, deyiladi maqolada.

Kecha, 11 fevral kuni Oq uy Rossiya 2021 yilda hibsga olingan AQSH fuqarosi Mark Fogelni ozod qilganini tasdiqladi.

“Prezident Tramp, Stiv Uitkoff va Prezident maslahatchilari o‘zaro almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi, bu Rossiya tomonining yaxshi niyati va Ukrainadagi shafqatsiz va dahshatli urushni to‘xtatish uchun to‘g‘ri yo‘nalishda borayotganligimizdan dalolat beradi”, dedi AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts.

Oq uyga tayanib, AFP agentligining aniqlik kiritishicha, Uitkoff amerikalikni ozod qilishda ishtirok etgan va bayonot vaqtida Fogel bilan birga samolyot bortida “Rossiya havo hududini tark etgan”.

“Stiv Uitkoff so‘nggi paytlarda Rossiyaga borgan birinchi yuqori martabali amerikalik amaldor bo‘ldi”, deya qo‘shimcha qildi agentlik.

Oq uyning hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSH fuqarosining ozod etilishi Rossiyaning Ukrainadagi urushida o‘t ochishni to‘xtatish haqida xabar berishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Stiv Uitkoff Mark Fogel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing