Tramp Kanadaga yana eski taklifini berdi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanadaning AQSH bilan birlashishi haqidagi taklifini yana bir bor takrorladi. Bu haqda u kecha, 6 yanvar kuni o‘zining Truth Social sahifasida yozdi.

“Agar Kanada AQSH bilan birlashsa, hech qanday tariflar bo‘lmaydi, soliqlar sezilarli darajada kamayadi va ular doimo o‘zlarini o‘rab turgan Rossiya va Xitoy kemalari tahdididan butunlay himoyalangan bo‘lar edi. Birgalikda bu qanday buyuk davlat bo‘lar edi”, deb yozdi Oq uyning bo‘lajak rahbari.

Shu o‘rinda, Tramp Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoning bir necha soat oldin qilingan iste’fosi haqidagi bayonotiga javob qaytardi.

“Kanadada ko‘plab odamlar 51-shtat bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Qo‘shma Shtatlar Kanadaning o‘zini saqlab qolishi uchun zarur bo‘lgan yirik savdo kamomadi va subsidiyalarga endi toqat qila olmaydi. Jastin Tryudo buni bilib, iste’foga chiqdi”, deyiladi uning postida.

Tramp importga yuqori tariflar bilan Kanadaga tahdid qilmoqda

Noyabr oyi oxirida Tramp Kanadadan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. U shunday farmonni davlat rahbari sifatidagi birinchi kuniyoq imzolashini aytdi. Uning inauguratsiyasi 20 yanvarga belgilangan. Avvalroq “Fox News” Tramp Tryudoga agar uning mamlakati yuqori tariflarga bardosh bera olmasa, AQSHning 51-shtatiga aylanishi kerakligini aytgani haqida xabar bergan edi.

53 yoshli Jastin Tryudo Kanada Bosh vaziri va hukmron Liberal partiya yetakchiligidan iste’foga chiqishini e’lon qildi – u ushbu lavozimda 2013 yildan beri ishlab kelmoqda. Siyosatchi 6 yanvar kuni Ottavadagi Rideau Cottage qarorgohida murojaat qildi. Vazirlar Mahkamasi rahbari, shuningdek, parlament ishi 24 martgacha to‘xtatilishini qo‘shimcha qildi. Tryudo 2015 yilning noyabrida Bosh vazir lavozimini egallagan va ikki marta qayta saylangan. Ikki yil avval yuqori narxlar va uy-joy tanqisligi sababli u aholining g‘azabiga uchragan, keyinroq vaziyat yumshay boshladi.

Birinchi prezidentlik muddati davomida Tramp Daniyani, jumladan Grenlandiyani, dunyodagi eng katta orolni sotib olishni taklif qilgan edi. Biroq, keyin Kopengagen uning taklifini keskin rad etdi va mamlakat Bosh vaziri Mette Frederiksen buni “bema’nilik” deb atadi, shuning uchun Oq uyning bo‘ljak rahbari hatto Daniyaga safarini ham bekor qildi. 2024 yil 22 dekabrda Tramp ushbu mavzuga qaytishga qaror qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab milliy xavfsizlik va erkinlikni ta’minlash nuqtai nazaridan Grenlandiyaga egalik qilish va uni nazorat qilishni mutlaq zarurat deb hisoblaydi.

Bu izohlardan ikki hafta o‘tib, kecha, 6 yanvar kuni Tramp o‘g‘li kichik Donald Trampning Daniya hududiga tashrif buyurishini e’lon qildi.

“Mening o‘g‘lim kichik Don va turli vakillar u yerga eng katta hududlar va diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish uchun boradi”, degan Tramp.

Shuningdek, o‘tgan yilning 21 dekabr kuni Tramp Panamani Panama kanalidan foydalanganlik uchun “bema’ni” yuqori tariflar joriy etishda aybladi va uni AQSH nazoratiga qaytarishni talab qilish bilan tahdid qildi.

“Kanal Amerika iqtisodiyoti va milliy xavfsizligida muhim rol o‘ynaydi”, degan Tramp.

U kanalning noto‘g‘ri qo‘llarga, xususan, Xitoy nazorati ostida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini qo‘shimcha qildi.

Bunga javoban Panama Prezidenti Xose Raul Mulino Panama kanali va uning atrofidagi hududlarning har bir kvadrat metri Panamaga tegishli ekani va bundan keyin ham Panamaga tegishli bo‘lib qolishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoga qo‘ng‘iroq qilib, agar Kanada hududlari AQSHning 51-shtatiga aylansa, kanadaliklar uchun soliqlar 60 foizdan ko‘proqqa kamaytirishini aytgandi. Shuningdek, Tramp Panama kanalini boshqarayotgan Xitoy askarlarini Rojdestvo bayrami bilan tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp Kanada Jastin Tryudo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing