Tramp Yaqin Sharqqa jo‘nab ketdi (video)
Olam
−
12 may 7047 2 daqiqa
Bugun, 12 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zi “tarixiy” deb atagan Yaqin Sharq safariga – Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. Ushbu safar davomida u G‘azo va Eron bo‘yicha dolzarb diplomatik muhokamalarni yirik biznes bitimlari bilan uyg‘unlashtirishni ko‘zlamoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Tramp Yaqin Sharqqa qilayotgan mazkur safarida Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. Biroq mintaqadagi eng keskin masalalar ikki boshqa davlat – Isroil va Eron bilan bog‘liq.
Shunga qaramay, “Associated Press”ga ko‘ra, Tramp safar davomida asosan energetika resurslariga boy va o‘ziga tegishli yoki rejalashtirilgan Trump brendi ostidagi ko‘chmas mulk loyihalari joylashgan mamlakatlarga e’tibor qaratadi. U yerda AQSHning iqtisodiy manfaatlari orqali o‘zi yoqtiradigan faoliyat – biznes bitimlarini amalga oshirishga intiladi.
“Bu uning qulay hududi. Mezbonlar uni mehmondo‘stlik bilan kutib oladi, bitim tuzishga oshiqadi, maqtaydi, tanqid qilmaydi va uning oila a’zolarini ham biznes hamkori sifatida qadrlashadi”, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti Jon Alterman.
Nashrga ko‘ra, Tramp G‘azo va Eron masalalarini chetlab o‘ta olmaydi. Uni mehmon qilayotgan Fors ko‘rfazi davlatlari aynan shu ikki manbadan kelib chiqayotgan mintaqaviy keskinliklarni yumshatishga qiziqish bildirmoqda.
“Tramp AQSHning mintaqaviy strategik sodiqligini tasdiqlab, barqaror pozitsiyani namoyon etsa va umumiy tortishuvlardan yiroq tursa, osongina diplomatik yutuqqa erishishi mumkin,” dedi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tahlilchilari Elizabet Dent va Saymon Xenderson.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtiradi. Ushbu safar Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning taklifi bilan bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Qatar qirollik oilasidan qiymati 400 million dollarga teng bo‘lgan Boeing 747-8 rusumidagi superhashamatli reaktiv samolyotni qabul qilishga tayyorlanayotgani xabar qilingan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr