Tramp va Putin bir-biri bilan uchrashishga tayyor – Oq uy
Olam
−
07 avgust 5235 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoffga amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ham Vladimir Putin, ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga ochiq. Livittning qayd etishicha, Tramp va Putinning uchrashuvi “ehtimoli juda katta”.
“Prezident Tramp bugun Truth Social platformasida aytganidek, maxsus vakil Uitkoff va Prezident Putin o‘rtasidagi uchrashuvda sezilarli yutuqlarga erishildi. Rossiya tomoni Prezident Tramp bilan uchrashish istagini bildirdi va Prezident ham Prezident Putin, ham Prezident Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi”, dedi Oq uy voizi.
Livitt aytganidek, AQSH Prezidenti Truth Social platformasida post qoldirib, Uitkoffning Putin bilan uchrashuvini “o‘ta samarali” deb atadi.
“Ajoyib natija! Muzokaralar yakunida men Yevropadagi ba’zi ittifoqchilarimiz haqida ma’lumot berdim. Hamma bu urush tugashi kerak, degan fikrga qo‘shiladi va biz buni yaqin kunlar va haftalarda kutamiz”, deb yozdi Tramp.
“The New York Times” vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib, Tramp Putin va Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Xabarda aytilishicha, Tramp Putinning Uitkoff bilan Moskvadagi uchrashuvidan keyin Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar chog‘ida Putin va Zelenskiy bilan uchrashish istagini bildirgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp kelasi hafta Putin bilan uchrashishni, keyin esa Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan telefon suhbatiga izoh berdi.
“Sumi viloyatidagi brigadalarimizdan ketayotib, men Prezident Tramp bilan suhbatlashdim. Bu suhbat Prezident Trampning vakili Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Bizning sheriklarimiz bilan umumiy pozitsiyamiz mutlaqo aniq: urush tugashi kerak. Va bu adolatli yakun bo‘lishi kerak. Suhbatda Yevropa yetakchilari ham ishtirok etdi va ularning har biridan qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorman. Biz Moskvada nima e’lon qilinganini muhokama qildik”, deb yozdi Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida.
Xabar qilinishicha, muzokaralarda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Germaniya kansleri Fridrix Mers va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etgan.
Live
Barchasi