Tramp o‘ziga yaqin 4 nafar yordamchisini sovg‘a bilan siyladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uydagi 4 nafar xodimiga bayram munosabati bilan jami 155 ming dollar miqdorida pul sovg‘a qilgan. Bu haqda “The Guardian” va “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezidentning ijro yordamchisi Natali Xarp, kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Margo Martin va Oval kabinet operatsiyalari direktorining o‘rinbosari Chemberlen Xarrisning har biriga 45 ming dollardan berilgan. Oval kabinet operatsiyalari direktori Uolt Nauta esa 20 ming dollar olgan.

Sovg‘alar ma’muriyat tomonidan o‘tgan hafta e’lon qilingan xodimlarning yillik moliyaviy deklaratsiyalarida qayd etilgan. Unga ko‘ra, Xarp, Martin va Xarris yiliga 150 ming dollardan maosh oladi, Nautaning yillik ish haqi esa 175 ming dollarni tashkil etadi.

Oq uy vakili “Associated Press”ga Tramp o‘z atrofidagi odamlarga, jumladan, ba’zi xodim va yordamchilariga ham hukumatda ishlagan davrida, ham xususiy sektorda faoliyat yuritgan paytida Rojdestvo sovg‘alari berish an’anasiga ega ekanini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, pul sovg‘alari xodimlarning rasmiy davlat vazifalari bilan bog‘liq emas va shu sababli amaldagi qonun hamda axloqiy me’yorlarga zid hisoblanmaydi. Oq uy vakili boshqa xodimlarga ham shunday sovg‘alar berilgan-berilmaganiga aniqlik kiritmagan.

Natali Xarp Trampning yon-atrofida doimiy ko‘rinib turadigan xodimlardan biri hisoblanadi. U Prezident muhim ma’lumotlarni ekrandan ko‘ra qog‘ozda o‘qishni afzal ko‘rgani uchun o‘zi bilan portativ printer olib yuradi va Tramp haqidagi ijobiy xabarlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni chop etadi.

Margo Martin esa Tramp bilan uning birinchi prezidentlik davridan beri ishlab keladi. U 2020 yilgi saylovdan keyin Tramp bilan Florida shtatidagi Palm-Bichga borib, uning media faoliyatini boshqarishda yordam bergan. Tramp 2024 yilgi saylovda g‘alaba qozonganidan keyin Martin Oq uyga qaytgan.

Chemberlen Xarris joriy yilda Tramp tomonidan Oliy san’at komissiyasi tarkibiga tayinlangan. Ushbu komissiya prezidentning Oq uydagi bal zali loyihasi ustidan nazorat olib boradi.

Uolt Nauta avval Trampning shaxsiy xizmatkori bo‘lib ishlagan. U va Mar-a-Lago mulkining boshqaruvchisi Karlos De Oliveyra 2023 yilda Tramp bilan birga maxfiy hujjatlar bo‘yicha FBR tergoviga to‘sqinlik qilishga til biriktirganlikda ayblangan edi. Keyinchalik, 2024 yilda ularga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Eron bilan urush sababli o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi ma’lumotlarning sizib chiqishi ushbu ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan tor doiradagi shaxslar orasidagi xorijiy razvedka agenti tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligidan xavotirga tushgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing