Tramp Ukrainaning qilgan ishidan g‘azablandi
Olam
−
22 avgust 21521 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga yozgan maktubida Ukrainaning “Drujba” neft quvuriga qilgan zarbalaridan juda g‘azablanganini bildirdi. Bu haqda “24.hu” xabar berdi.
Orban va Tramp o‘rtasidagi xatning nusxasi Vengriya matbuotida e’lon qilingan.
“Besh kun avval, Tramp va Putin tarixiy uchrashuvi arafasida, Ukraina Rossiyadagi “Drujba” neft quvuriga dronlar bilan zarba berdi. Vengriya Ukrainaga elektr va yonilg‘i bilan yordam berib kelmoqda, lekin buning evaziga ular bizni ta’minlaydigan quvurni urishdi. Bu juda dushmanona qadam”, deya yozgan Orban.
U, shuningdek, Vengriya va Slovakiyaning boshqa xom neft manbalariga ega emasligini ham ta’kidlagan.
Tramp esa xatga o‘z qo‘llari bilan javob yozgan.
“Viktor, buni eshitib afsuslandim va juda g‘azablandim”, deya javob yozgan Tramp.

Ukraina Qurolli kuchlarining “Drujba” neft quvuri infratuzilmasiga zarba bergani haqida ilk xabarlar 22 avgust kuni ertalab tarqalgan. Budapeshtning baholashicha, quvur kamida besh kunga ishdan chiqqan. Quvur Bryansk viloyatidan o‘tadi. Hudud gubernatori Aleksandr Bogomazning aytishicha, Ukraina kuchlari Unechskiy tumanidagi yonilg‘i infratuzilmasiga hujum qilgan, kechasi esa havo hujumidan mudofaa tizimi 20 ga yaqin dronni urib tushirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvga va ertasi kuni Uchinchi jahon urushiga olib kelishini aytgandi.
Live
Barchasi