Tramp Ukrainaga Tomahawk berish shartini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 6 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatida Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan Tomahawk qanotli raketalarini berish yoki bermaslik haqidagi qarorni deyarli qabul qilganini ma’lum qildi.

OAV vakillaridan biri Trampdan AQSH bu raketalarni Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beradimi, yoki ularni NATOga sotib, keyinchalik Ukrainaga uzatishga ruxsat beradimi, degan savolni so‘radi. 

“Men deyarli qaror qildim, katta darajada. Men ular (ukrainaliklar) bu raketalarni nima uchun ishlatishlarini bilishni xohlayman. Ular raketalarni qayerga yo‘naltiradi? O‘ylaymanki, men bu haqda so‘rashim kerak bo‘ladi. Men ayrim savollarni berardim. Men bu urushni kuchaytirish niyatida emasman”, deya javob bergan Tramp.

“The Telegraph” gazetasining yozishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda Tramp bilan yopiq uchrashuvda undan 1250–2500 km masofagacha uchadigan Tomahawk raketalarini berishni so‘ragan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, bu raketalar “Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tinchlik kelishuvini muhokama qilish uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilishga yordam beradi”.

“The Wall Street Journal”ning yozishicha, AQSH Ukrainaga Rossiyaning chegaradan uzoqda joylashgan energetika infratuzilmasi ob’ektlariga uzoq masofali raketalar bilan zarba berish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini berishga kelishgan. Nashrga ko‘ra, bu qadam Tramp ma’muriyati Ukrainaga uzoq masofali qurol-yarog‘ berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganida tashlangan.

Shu bilan birga, “Reuters” agentligi ma’lum qilishicha, Ukrainaga Tomahawk raketalarini yetkazib berish ehtimoli past, chunki AQSHdagi mavjud zaxiralar asosan AQSH harbiy-dengiz kuchlari va boshqa maqsadlar uchun mo‘ljallangan. Manbalarning ta’kidlashicha, ehtimoli yuqori variant – kamroq masofaga uchadigan raketalarni yetkazib berishdir. Masalan, Ukrainaga 2024 yilda yetkazib berilgan ATACMS raketalari 300 km gacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishi mumkin.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Trampning Ukrainaga uzoq masofali raketalar berish haqidagi ehtimoliy qarori “Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni, hech bo‘lmasa, ulardagi ijobiy tendensiyani yo‘qotadi”.

“Men nimani o‘ylasam, shuni aytayapman. Lekin Moskva va Vashington munosabatlari qanday shakllanishi faqat bizga yoki menga bog‘liq emas”, dedi Putin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Tomahawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing