Tramp Turkiyani eski samolyotda tark etdi (video)

Olam

image

Kecha, 8 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp NATO sammiti yakunlangach, Turkiyani Qatar tomonidan sovg‘a qilingan yangi samolyotda emas, balki eski Boeing VC-25A samolyotida tark etdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO davlat va hukumat rahbarlari sammiti uchun Turkiyaga Qatar amiri tomonidan sovg‘a qilingan, taxminiy qiymati 500 million dollar atrofida deb baholangan ulkan Boeing samolyotida kelgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp Anqaradan Buyuk Britaniyadagi RAF Mildenhall aviabazasiga eski, och havorang Air Force One bortida uchgan. U yerdan esa Vashingtonga qaytish uchun yana Qatar sovg‘a qilgan yangi prezident samolyotiga o‘tgan.

“Eski kunlarni yodga olish uchun tanladim”, deb yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Shuningdek, u Anqaradan Buyuk Britaniyadagi RAF Mildenhall’ga uchish uchun eski, ko‘k rangli Air Force One samolyotidan foydalanishini, yangi samolyot esa o‘sha bazada to‘xtab, u yerda joylashgan AQSH harbiy xizmatchilari samolyotni ko‘zdan kechirishlari mumkinligini qayd etgan.

“Boeing 747 haqiqatan ham ajoyib samolyot”, deb qo‘shimcha qilgan u.

Qatar tomonidan AQSHga sovg‘a qilingan Boeing 747 Tramp foydalanishi uchun vaqtinchalik Air Force One sifatida qayta jihozlangan. Qiymati 500 million dollarga baholanadigan ushbu havo kemasi oddiy samolyot emas, balki zamonaviy aloqa markazi, ilg‘or mudofaa tizimlari va maxsus jihozlarga ega “uchuvchi shtab” hisoblanadi. Unda prezident uchun alohida yotoqxona, mehmonlarni qabul qilish xonalari, yig‘ilish zallari hamda parvoz davomida davlat boshqaruvini olib borishga imkon beruvchi maxsus aloqa tizimlari mavjud.

Anqaradagi matbuot anjumanida jurnalistlar Trampdan Turkiyadan ketishda samolyotni almashtirgani Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan suiqasd tahdidi bilan bog‘liqmi, deb so‘ragan. Tramp bunga aniq javob bermagan, ammo bunday tahdid ehtimolini ham rad etmagan.

“Eronning o‘ldirilishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda men turaman. Bilmayman, buni sizga ayta olmayman, lekin menga baribir”, degan u.

Qatar sovg‘a qilgan samolyotdan foydalanish AQSHda bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim ekspertlar uni qisqa muddatda qayta jihozlangani bois xavfsizlik darajasi yuzasidan savollarni o‘rtaga tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaaga mamlakatni AQSHning terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilganini aytgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing