Tramp “Tolibon”ga tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Tolibon” muvaqqat hukumati boshqaruvida bo‘lgan Bagram harbiy aviabazasini Qo‘shma Shtatlar nazoratiga topshirishni talab qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

Tramp “Tolibon” aviabazani topshirishdan bosh tortsa, unga yomon oqibatlar bo‘lishi bilan tahdid qilgan.

“Agar Afg‘oniston Bagram aviabazasini uni barpo etganlarga – Qo‘shma Shtatlarga qaytarmasa, bu yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi”, deya yozgan Tramp. 

Ma’lumot uchun, 2001–2021 yillarda Bagram aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik bazasi bo‘lgan. 2021 yilda amerikaliklar uni tark etgan, aynan o‘sha yilning yoz oyida esa baza “Tolibon” muvaqqat hukumatining qo‘liga o‘tgan edi. 

2021 yil 14 aprel kuni AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi harbiy operatsiyani yakunlashini e’lon qildi. Bu operatsiya AQSH tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijiy harbiy kampaniya bo‘lib, u 2001 yil oktyabr oyida boshlangan edi. Kampaniyaning eng yuqori cho‘qqisi paytida (2010–2013 yillarda) mamlakatda xalqaro kuchlar soni 150 mingdan oshgan edi. Asosiy AQSH va NATO bo‘linmalari 2014 yilda chiqib ketgan, so‘nggi amerikalik askarlar esa 2021 yil sentyabr boshida Afg‘onistonni butunlay tark etgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda Bagram bazasi ustida Tramp va “Tolibon” o‘rtasida kichik kelishmovchiliklar bo‘lmoqda. Tramp 18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Londonda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida hukumat Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini qaytarib olish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Trampning aytishicha, Bagram dunyodagi eng yirik aviabaza hisoblanadi. Prezident AQSH bazani qaytarib olishga intilayotganining sababi Xitoy bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan. “Tolibon” muvaqqat hukumati esa AQSHga Bagram aviabazasi ustidan nazoratni qaytarib bermasligini iddao qildi. “Tolibon” vakiliga ko‘ra, Qobul Vashington bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni “o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar” asosida rivojlantirishga tayyor, biroq “Afg‘oniston hech qachon o‘z hududida begonalarning harbiy mavjudligini qabul qilmaydi”.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Donal'd Tramp Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing