Tramp tinchlik rejasida Ukrainadan Rossiya ishg‘olini tan olishni talab qildi 

Olam

image

AQSH Ukrainada urushni tugatish bo‘yicha tinchlik rejasini taqdim qildi. Ushbu rejada AQSH tomonidan Qrim Rossiyaning hududi sifatida tan olinishi hamda 2022 yildagi bosqin oqibatida Rossiya egallab turgan hududlar ustidan Rossiyaning de-fakto nazoratini tan olish ko‘zda tutilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.

O‘tgan hafta Fransiya poytaxti Parijda AQSH rasmiylari ukrainaliklarga tinchlik rejasi taqdim etgan. Ushbu bir betlik hujjat AQSH Prezidenti Donald Trampning “so‘nggi taklifi” sifatida taqdim etilgan. Oq uy muzokaralar tez orada kelishuvga olib kelmasa, taklifdan voz kechishga tayyorligini bildirgan.

Ukraina hukumatiga yaqin manbaga ko‘ra, Kiyev bu taklifni Rossiya foydasiga biryoqlama deb hisoblaydi. Reja Rossiya nimalar olishini aniq va ochiq ko‘rsatgan, lekin Ukraina oladigan narsalar faqat umumiy va noaniq tarzda keltirilgan.

Tramp taklifiga ko‘ra, Rossiya nimalarga erishadi:

  1. AQSH tomonidan Qrim ustidan Rossiya nazoratining huquqiy tan olinishi (“de-yure”).
  2. Lugansk viloyatining deyarli to‘liq qismi va Donetsk, Xerson hamda Zaporoje viloyatlarining bosib olingan qismlaridagi Rossiya nazoratining amaliy tan olinishi (de-fakto).
  3. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi va’da qilinadi (lekin, u Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkinligi eslatib o‘tilgan).
  4. 2014 yildan beri Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar olib tashlanadi.
  5. AQSH bilan energetika va sanoat sohalarida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi.

Ukraina bu taklifda nimalarga erishadi:

  1. Yevropa davlatlari va ayrim hamfikr boshqa davlatlar ishtirokida mustahkam xavfsizlik kafolati. Hujjatda tinchlikparvarlik amaliyoti qanday ishlashi borasida va AQSHning ishtiroki haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
  2. Rossiya bosib olgan Xarkov viloyatining kichik bir qismi qaytariladi.
  3. Ukraina janubiy front chizig‘i bo‘ylab oqib o‘tuvchi Dnepr daryosidan to‘sqsiz foydalanadi.
  4. Qurilish va tiklash ishlari uchun yordam va kompensatsiya. Lekin bu mablag‘ qayerdan olinishi ko‘rsatilmagan.

Rejaning boshqa jihatlari:

  • Yevropadagi eng yirik yadro inshooti – Zaporoje AES Ukrainaga tegishli deb e’tirof etiladi, ammo AQSH tomonidan boshqariladi. Elektr energiyasi Ukraina va Rossiyaga yetkazib beriladi.
  • Hujjatda AQSH-Ukraina foydali qazilmalar bo‘yicha bitimi tilga olingan. Tramp bu hujjat 24 aprel kuni imzolanishini bildirgan.

Reja Tramp vakili Stiven Uitkoffning o‘tgan hafta Putin bilan to‘rt soatdan ortiq davom etgan uchrashuvidan so‘ng tayyorlangan. Reja taqdim etilgach, Putin amaldagi front chizig‘ida harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan. Bu Putindan tinchlik istagining eng aniq ishorasi, ammo Yevropa amaldorlari hanuz bunga shubha bilan qaramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina oliy darajadagi diplomatlari bugun, 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha oliy darajadagi muzokaralardagi ishtirokini bekor qilgandi. Buning o‘rniga yuqorida nomi tilga olingan besh davlatning “yuqori amaldorlari” Britaniya poytaxtida uchrashishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina tinchlik rejasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing