Tramp Tehronga qattiq iqtisodiy zarba va’da qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirish uchun yangi choralarni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Tramp joriy yilning 14 avgust kuni Nyu-York shtatidagi Garden Siti shahrida joylashgan David S. Mack nomidagi o‘quv va razvedka markazida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vashington Tehronning neft savdosi, moliyaviy tizimi va xalqaro hamkorlariga qarshi yanada keskin cheklovlar joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Tramp esa Eronga iqtisodiy jihatdan “qattiq zarba berish” niyatida ekanini bildirgan. Bundan bir kun avval AQSH Moliya vaziri Skott Bessent ham Vashington kelasi haftada Tehronga nisbatan “ilgari kuzatilmagan” yangi choralarni e’lon qilishini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH, BMT va Yevropa Ittifoqi Eronning yadroviy dasturi, inson huquqlarining buzilishi hamda mintaqadagi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotgani sababli o‘nlab yillardan buyon Tehronga qarshi turli sanksiyalar qo‘llab kelmoqda. Joriy yilning fevral oyida boshlangan Eron urushi boshlanganidan beri esa Vashington bosimni yanada kuchaytirib, qo‘shimcha dengiz, energetika va moliyaviy sanksiyalar joriy qilgan hamda dengiz blokadasini boshlagan.

AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon 1000 dan ortiq shaxs, kema va samolyot sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. So‘nggi cheklovlar Eronning “soya floti”, neft tashuvchi kemalar, sug‘urta kompaniyalari, qurol xaridlarini moliyalashtirayotgan shaxslar hamda kriptovalyuta tarmoqlariga qaratilgan.

“Reuters” suhbatlashgan ekspertlarning aytishicha, Oq uy hozirda Eronning asosiy neft xaridori hisoblangan Xitoyga bosimni kuchaytirish variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Xususan, Eron neftini qayta ishlayotgan Xitoydagi mustaqil neftni qayta ishlash zavodlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishi mumkin. Shuningdek, Eron mablag‘lari orqali operatsiyalar amalga oshirayotgan ayrim Xitoy banklari ham Vashingtonning e’tibor markazida qolmoqda.

Mutaxassislar AQSH Eronning xalqaro savdo va moliyaviy tarmoqlarini cheklash maqsadida yangi aviatsiya sanksiyalarini ham joriy qilishi mumkinligini aytmoqda. Bundan tashqari, Tehronga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan kompaniya va vositachilarni nishonga olish amaliyoti ham davom ettirilishi kutilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, muhokama qilinayotgan eng keskin variantlardan biri – Eronning qo‘shni davlatlar orqali amalga oshiriladigan savdosiga to‘sqinlik qilishdir. Biroq bunday chorani amalda qo‘llash uchun Iroq, Turkiya, Pokiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Armaniston kabi davlatlarning hamkorligi talab etiladi.

Shuningdek, Tramp avval ham Eron bilan savdo qilayotgan davlatlar mahsulotlariga qo‘shimcha bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi. Reuters’ning yozishicha, AQSH Kongressida muhokama qilinayotgan yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinsa, Oq uy bunday vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Ekspertlarning fikricha, Vashingtonning asosiy maqsadi Eronning neft eksportidan tushayotgan daromadlarini kamaytirish, uning xalqaro moliyaviy tizimlarga kirishini cheklash va Tehronni iqtisodiy bosim orqali murosaga majbur qilishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Senati Rossiya va Eronga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni nazarda tutuvchi “Lindsey O. Graham Sanctioning Russia and Iran Act of 2026” qonun loyihasini 86 ovoz bilan 11 ta ovozga qarshi qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing