Tramp Suriyani terrorchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarmoqchi
Olam
−
09:58 353 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 8 iyul kuni Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaaga mamlakatni AQSHning terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilganini aytdi. Bu haqda Trampning NATOning Anqaradagi sammiti doirasida Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa bilan uchrashuvdan so‘ng Sharaaga alohida jo‘natgan xatida bayon qilingan.
«Men mamlakatingizni qayta tiklashga to‘sqinlik qilayotgan barcha to‘siqlarni olib tashlashga va’da bergan edim va juda yaqin vaqt ichida siz nihoyat buni amalga oshira olasiz. Bizda Suriyaga sarmoya kiritishga tayyor turgan amerikalik kompaniyalar bor va ular mamlakatingizni har qachongidan ham buyukroq va farovonroq qilishga yordam beradi”, deb yozgan Tramp.
AQSH ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlaridan biriga ko‘ra, mazkur maktub Tramp va ash-Sharaaning 8 iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng Suriya rahbariga topshirilgan.
Tramp bu qaror haqida Kongressni ham xabardor qilganini aytgan. Endi qaror kuchga kirishidan oldin Kongress uni 45 kun davomida ko‘rib chiqadi. Terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat maqomi AQSHning tashqi yordami, mudofaa mahsulotlari eksporti hamda ayrim moliyaviy operatsiyalarga cheklovlarni nazarda tutadi.
Suriya Markaziy banki raisi Safvat Raslan Telegram orqali AQSHning bu qarori investitsiyalar jalb etish, iqtisodiy tiklanish va Suriyaning jahon iqtisodiyotiga qayta integratsiya qilinishi uchun keng imkoniyatlar ochishini bildirgan.
O‘tgan yili Tramp Suriyaga qarshi AQSH sanksiyalar dasturini bekor qiluvchi farmonni imzolagan edi. Bu mamlakatning xalqaro moliya tizimidan yakkalab qo‘yilishiga barham berish imkonini yaratdi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining bir nechta kompaniyasi Suriya iqtisodiyotini tiklash doirasida milliardlab dollarlik sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Fors ko‘rfazi mintaqasidagi boshqa davlatlar ham moliyaviy yordam ko‘rsatishga va’da bergan.
Tramp 8 iyul kuni Ahmad ash-Sharaa haqida ham iliq fikr bildirgan. Ash-Sharaa 2016 yilgacha Suriyadagi “An-Nusra fronti” qo‘mondoni bo‘lgan, keyin esa ushbu guruh bilan aloqalarini uzgan. 2024 yil oxirida u isyonchi guruhlar koalitsiyasiga boshchilik qilib, Bashar Asad hokimiyatini ag‘dargan.
Tramp ash-Sharaaning mintaqadagi “Islom davlati” terrorchilik guruhiga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan.
“Uni hamma hurmat qiladi, jumladan men ham”, degan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham 6 iyul kuni Suriyaga tashrif buyurgan edi. Bu 2024 yilda Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan buyon Yevropa Ittifoqi davlat rahbarining Damashqqa ilk tashrifi bo‘lgandi.
Live
Barchasi