Tramp Si Szinpinni inauguratsiyaga taklif qildi – CBS
Olam
−
18:42
1289AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpinni 20 yanvar kuni Vashingtondagi inauguratsiya marosimiga taklif qildi. Bu haqda kecha, 11 dekabr kuni manbalariga tayanib, Amerikaning CBS telekanali xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, respublikachi Si Szinpinga taklifnomani noyabr oyida, saylovda g‘alaba qozonganidan ko‘p o‘tmay jo‘natgan. Xitoy rahbari buni qabul qilganmi yoki yo‘qmi noma’lum.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi bu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi.
CBS ta’kidlashicha, Tramp atrofidagi ko‘pchilik Xitoy rasmiylaridan norozi.
Tanqidchilar orasida AQSHning bo‘lajak Davlat kotibi Marko Rubio, shuningdek, milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi maslahatchi Mayk Vals bor. Saylangan prezidentning o‘zi Xitoydan keladigan tovarlarga yangi bojlar kiritish bilan tahdid qilmoqda.
Ammo, telekanalning ta’kidlashicha, “Tramp uzoq vaqtdan buyon yetakchilar o‘rtasidagi yaqin munosabatlar xalqaro bitimlar tuzishning kaliti ekanligiga ishonib keladi”.
Si Szinpin tarixda AQSH Prezidenti inauguratsiyasida qatnashgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lishi mumkin. CBS telekanaliga ko‘ra, bu bayramga odatda elchilar va diplomatlar taklif qilinadi.
AQSH Davlat departamentining 1874 yilga oid ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik yetakchi hech qachon hokimiyatni topshirish marosimida qatnashmagan.
CBS manbalarining aytishicha, 20 yanvardagi marosimga boshqa xorijiy yetakchilar taklif qilinishi mumkin. Ular orasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham bor. U taklifnoma haqida “hali o‘ylayapti”.
“Dunyo yetakchilari prezident Tramp bilan uchrashish uchun navbatga turishmoqda, chunki u tez orada hokimiyatga qaytishini va Amerika qudrati bilan dunyo tinchligini tiklashini bilishadi”, deydi Oq uyning yangi matbuot kotibi Karolin Leavitt.
Bugun, 12 dekabr kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin Trampning inauguratsiyasiga taklif qilinmaganini aytdi.
LiveBarchasi