Tramp senator bilan keskin bahslashib qoldi
Olam
−
11:05 2110 2 daqiqa
Kecha, 24 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron urushi masalasida respublikachilar ishtirokidagi yopiq yig‘ilishda senator Bill Kessidi bilan bahslashib ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.
Respublikachi senator Kessidi ma’muriyatdan Eron bilan o‘tgan hafta imzolangan kelishuv bo‘yicha batafsil tushuntirish talab qilgan. Uning ta’kidlashicha, kelishuv Eron uchun moliyaviy imtiyozlarni nazarda tutsa-da, urush boshlanishida belgilangan maqsadlarga erishilmagan.
“Amerika xalqiga hozir aytilayotganidan ko‘ra ko‘proq ma’lumot kerak. Jarayon bizga aytilgan yo‘nalishda ketayotgandek ko‘rinmayapti” degan senator.
Bahs Senat Trampni urushni to‘xtatishga chaqiruvchi ramziy rezolyutsiyani qabul qilganidan bir kun o‘tgach yuz bergan. Kessidi ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlagan to‘rt nafar respublikachi senatordan biri bo‘lgan.
Keyinchalik Tramp Senat qarori ahamiyatsiz ekanini ta’kidlagan.
“Eron buni ko‘radi va “bu nima degani o‘zi?” deb o‘ylaydi. Axir, bilasiz-ku, buning hech qanday ahamiyati yo‘q, to‘g‘rimi?” degan Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
Oradan bir necha soat o‘tgach, ma’muriyat Kongressdan urush xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 70 milliard dollar ajratishni so‘ragan. Bu mablag‘ AQSHning 867 milliard dollarlik harbiy byudjetiga qo‘shimcha ravishda talab qilingan.
24 iyun kuni kechqurun esa senator Kessidi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida vitse-prezident Jey Di Vens va maxsus vakil Stiv Uitkoffga “Eron bo‘yicha bugun tushdan keyin o‘tkazilgan batafsil brifing” uchun minnatdorlik bildirgan. Uning aytishicha, Oq uy uning xavotirlariga tezkor munosabat bildirgan.
“Xavotirlarimning ko‘piga javob berish uchun Oq uyga tezkor taklif qilinganini qadrlayman” degan Kessidi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Donald Tramp Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan ham mojaroga uchragan edi.
Live
Barchasi