Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, Rossiya va Ukrainani muzokaralarga majburlamoqchi
Olam
−
16 fevral
3337Donald Tramp agar 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, tomonlarni tinchlik muzokaralariga qaytishga majburlash uchun Rossiya va Ukrainaga bosim o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, siyosatchining maslahatchilari Trampning ehtimoliy yangi prezidentlik muddati boshida Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga “o‘tkazish” imkoniyatini muhokama qilgan.
“Ukrainaning muzokaralarga qaytish qaroriga AQSH harbiy yordamini to‘xtatish haqidagi va’da ta’sir qilishi mumkin”, deydi uning bir maslahatchisi
O‘z navbatida, Rossiyaga AQSHning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirish bilan tahdid qilish mumkin.
“Trampning bir qancha maslahatchilari, jumladan Larri Kudlou va Robert O'Brayen ham Putinning urushni davom ettirish qaroriga ta’sir ko‘rsatish uchun Rossiya Markaziy bankiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishni omma oldida targ‘ib qildi”, deyiladi “Bloomberg” xabarida.
Agentlik manbalarining qo‘shimcha qilishicha, hozircha Tramp jamoasidan hech kim rossiyalik va ukrainalik vositachilar bilan muzokaralar olib bormayapti, chunki AQSH qonunchiligi xususiy tashkilotlarga mamlakat hukumati nomidan bunday darajada muzokaralar olib borishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, Trampning ittifoqchilari Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi faqat mudofaa xarajatlari maqsadlariga erishgan mamlakatlarga taalluqli bo‘ladigan “ikki bosqichli NATO” g‘oyasini muhokama qilmoqda.
Trampning ba’zi ittifoqchilari ham NATOning ortda qolgan mamlakatlariga yangi tariflar joriy etish tarafdori.
“Bloomberg”ning yozishicha, agar bu tashabbuslar amalga oshirilsa, ular AQSHning o‘n yilliklar davomidagi tashqi siyosatini tubdan o‘zgartiradi va Sovuq urushdan beri Yevropa xavfsizligini belgilab bergan NATOning bo‘linishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya rahbari Vladimir Putin jurnalist Pavel Zarubin bilan suhbatda Moskva AQSH Prezidenti lavozimiga Donald Trampdan ko‘ra Jo Baydenni afzal ko‘rishini aytgandi.
LiveBarchasi