Tramp Rossiyaga bergan muddatni 10-12 kungacha qisqartirdi
Olam
−
28 iyul 4542 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun Rossiyaga bergan muddat bugundan boshlab 10-12 kunga qisqartirilganini aytdi. Bu haqda Amerika yetakchisi Shotlandiyada jurnalistlarga Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan muzokaralar yakunida aytib o‘tdi.
“Men bugundan boshlab yangi muddat belgilayman – o‘n yoki 12 kun. 50 kun kutishning ma’nosi yo‘q. Men saxiy bo‘lishni xohlayman, lekin biz hech qanday taraqqiyotni ko‘rmayapmiz”, dedi Oq uy rahbari.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaga nisbatan yangi cheklovlarga murojaat qilmaslikni afzal ko‘radi va hali ham Ukrainadagi jangovar harakatlar to‘xtatilishiga umid qilmoqda. Tramp yaqin 24 soat ichida “ultimatum” qo‘yish muddati bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilishini ta’kidladi.
“Bugun kechqurun yoki ertaga e’lon qilaman”, dedi siyosatchi.
Bugun ertaroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun Rossiyaga bergan 50 kunlik muddatni qisqartirayotganini aytgandi.O‘shanda uning Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvi endi boshlanayotgan edi.
Bundan tashqari, Oq uy rahbari rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putindan “hafsalasi pir bo‘lganini” ta’kidladi.
“Mening Prezident Putindan hafsalam pir bo‘ldi, undan juda hafsalam pir bo‘ldi. Men unga bergan 50 kunni qisqaroq raqamga qisqartirmoqchiman, chunki men nima bo‘lishini allaqachon bilaman, deb o‘ylayman”, dedi Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Putin bilan bir necha bor muzokaralar olib borgan, biroq keyin Rossiya Prezidenti “Kiyev kabi qaysidir shaharga raketalarni uchirishni boshlaydi” va “ko‘p odamlarni o‘ldiradi”.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni Tramp, agar Moskva Ukrainada 50 kun ichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, Rossiya va uning savdo hamkorlariga “taxminan 100%” ikkilamchi tariflarni e’lon qilgandi.