Tramp Rossiyaga bergan muddatini qisqartirmoqchi (video)
Olam
−
28 iyul 3767 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan juda hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, Ukraina bo‘yicha mojaroni hal qilish uchun ilgari belgilangan ultimatum muddatini qisqartirishini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Oq uy rahbari Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Shotlandiyadagi uchrashuvida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, Tramp Rossiyaning javobini oldindan bilgani uchun ham shunday chorani qo‘llashga majbur bo‘lgan.
“Men Rossiyaga bergan 50 kunlik muddatni qisqartirmoqchiman, chunki ularning mening shartimga qanday javob berishini allaqachon bilaman”, degan Tramp.
Prezident Tramp Rossiyaga qo‘yilgan ultimatum aynan qancha vaqtga qisqartirilganini ochiqlamagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 iyul kuni Tramp Rossiyadan norozi ekanini bildirgan va agar 50 kun ichida Ukraina bilan muzokaralarda ijobiy siljish bo‘lmasa, Moskva va uning savdo hamkorlariga 100 foizgacha ikkilamchi bojlar joriy etilishini e’lon qilgandi. Shuningdek, u Ukrainaga yangi qurol yetkazib berish va’da qilgan, bu xarajatni esa, uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qoplaydi.
Kreml Trampning bu bayonotlarini jiddiy deb atagan va ularni tahlil qilish zarurligini bildirgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Ukraina AQSHning bu qarorlarini urushni davom ettirishga turtki sifatida qabul qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arb tinchlik o‘rnatish uchun qo‘ygan shartlarni inobatga olgan holda Moskva bilan o‘zaro munosabatlarni boshlamaguncha Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi emasligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi