Putin urushni davom ettirish niyatida – “Reuters”

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arb tinchlik o‘rnatish uchun qo‘ygan shartlarni inobatga olgan holda Moskva bilan o‘zaro munosabatlarni boshlamaguncha Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi emas. Bu haqda kecha, 15 iyul kuni Kremlga yaqin uchta manbaga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya yetakchisi AQSH Prezidenti Donald Trampning Moskvaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorligi haqidagi bayonotini inobatga olmaydi. Qolaversa, rus qo‘shinlari oldinga siljishi bilan Putinning hududiy talablari kengayishi mumkin.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Vladimir Putin Rossiya iqtisodiyoti va qurolli kuchlarini G‘arbning keyingi cheklovchi choralariga dosh bera oladigan darajada kuchli, deb hisoblaydi.

Uning fikricha, Rossiya keyingi iqtisodiy qiyinchiliklarni, jumladan, Vashington tomonidan Rossiya neftini xaridorlarga bojlar joriy etishi mumkin bo‘lgan vaziyatni yengib o‘tishga qodir, deya ta’kidlaydi agentlik suhbatdoshlari.

“Putinning fikricha, hech kim, jumladan amerikaliklar ham u bilan Ukrainada tinchlik yo‘li bilan kelishuv tafsilotlarini jiddiy muhokama qilmagan, shuning uchun u o‘zi xohlagan narsaga erishmaguncha muzokaralarni davom ettirishga bel bog‘lagan”, deydi “Reuters” manbalaridan biri.

Agentlikning eslatishicha, Putin NATOni sharqda kengaytirmaslik, Ukrainaning betarafligi, rusiyzabon aholi huquqlarini himoya qilish va Ukrainaning anneksiya qilingan beshta viloyatini Rossiya tarkibiga kiritish bo‘yicha qonuniy majburiyatlarni talab qilmoqda.

“Shu bilan birga, u Ukraina xavfsizligi kafolatlarini muhokama qilishga tayyor”, deb yozadi “Reuters” nashri.

Trampning ultimatumi va Moskvaning munosabati

14 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan bosh tortganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. U Rossiyaga Ukraina bo‘yicha bitim tuzish uchun 50 kun muhlat berayotgani haqida ogohlantirdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar tinchlik kelishuviga erishilmasa, AQSH Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizlik ikkilamchi tariflarni joriy qiladi.

Bundan tashqari, Oq uy rahbari Yevropa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan, Patriot tizimlari hamda ko‘p sonli qurol-yarog‘ va boshqa harbiy texnikalar yetkazib berishga va’da berdi.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bayonotlarini sharhlar ekan, ular “juda jiddiy” ekanini ta’kidladi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti amerikalik mavqedoshining so‘zlariga “agar zarur deb hisoblasa” izoh beradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing