Tramp rekord darajada 43 kun davom etgan “shatdaun”ni yakunladi
Olam
−
13 noyabr 2025 3784 2 daqiqa
Kecha, 12 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp federal hukumat faoliyatini qayta tiklaydigan moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi. Bu bilan mamlakat tarixidagi 43 kun davom etgan eng uzoq “shatdaun” rasman yakunlandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qonun loyihasi Kongressdagi kelishmovchiliklardan so‘ng, Respublikachilar va Senatdagi mo‘’tadil demokratlar o‘rtasida tuzilgan kelishuv asosida qabul qilingan. U hukumatni yanvargacha moliyalashtirishni va ayrim agentliklar uchun 2026-moliyaviy yili oxirigacha mablag‘ ajratilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, “shatdaun” davomida amalga oshirilgan ommaviy ishdan bo‘shatishlar bekor qilinib, davlat xodimlariga maosh to‘lovlari qayta tiklanadi.
Tramp bu qarorni “Demokratlar ustidan g‘alaba” deb atadi va ularni “bosim va shantaj qilishda” aybladi. Uning ta’kidlashicha, “ular oson yo‘lni tanlamadi va endi juda yomon ko‘rinishdi”.
Qonunga imzo qo‘yish marosimida bir qator respublikachi qonunchilar ishtirok etdi. Kelishuv 8 nafar Senat demokratlarining respublikachilar bilan hamkorlik qilishi natijasida qabul qilingan.
Biroq Demokratlar partiyasi qonunni keskin tanqid qildi. Ular “Obamacare” dasturidagi soliq imtiyozlari tugashi natijasida amerikaliklarning tibbiy sug‘urta xarajatlari keskin oshishidan xavotirda.
Spiker Mayk Jonson ayrim bahsli moddalarni keyinchalik qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi. Shu bilan birga, Kongressda Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha FBR hujjatlarini ochish talabi ham kuchaymoqda.
Tramp esa chiqishida “Obamacare” fojia bo‘lgan, biz sog‘liqni saqlash tizimini qayta ko‘rib chiqamiz,” deb bayonot bergan.
Endilikda Kongress oldida dekabrgacha muhim moliyaviy va qonunchilik masalalarini hal etish vazifasi turibdi.
Ma’lumot uchun, “shatdaun” — bu hukumat faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi bo‘lib, Kongress byudjetni o‘z vaqtida qabul qilmaganda sodir bo‘ladi. Bu paytda ko‘plab davlat idoralari yopiladi, xizmatchilar maoshsiz ishlaydi yoki ta’tilga chiqariladi.
2025 yildagi “shatdaun” 30 sentyabrda boshlanib, 43 kun davom etdi — bu AQSH tarixidagi eng uzog‘i bo‘ldi. Chunki Respublikachilar va Demokratlar o‘rtasida “Obamacare” dasturi va xarajatlar bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lgan. Shuning uchun hukumat vaqtincha yopilgan, mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Transport vazirligi hukumat ishining rekord darajada uzoq vaqt to‘xtab qolishi tufayli mamlakatdagi 40 ta yirik aeroportda reyslar sonini 10 foizga qisqartirgandi.
Live
Barchasi