Tramp Putinga 50 kun muhlat berdi
Olam
−
15 iyul 11765 2 daqiqa
Agar yaqin 50 kun ichida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH rasmiylari Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy qiladi. Bu haqda Prezident Donald Tramp kecha, 14 iyul kuni Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Agar biz 50 kun ichida kelishuvga erishmasak, ikkilamchi tariflarni joriy qilamiz. Va ular 100% bo‘ladi. Men savdodan ko‘p maqsadlarda foydalanaman. Urushlarni tugatish uchun bu juda yaxshi”, dedi Tramp.
Respublikachiga ko‘ra, Ukrainadagi tinchlik muzokaralarida, jumladan, u bilan Vladimir Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda hamon “doimiy suhbat” hukm surmoqda.
“Keyin esa raketalar Kiyevga uchib, odamlarni o‘ldiradi. Buni to‘xtatish kerak”, deb davom etdi Tramp.
Uning qo‘shimcha qilishicha, uning “Putindan hafsalasi pir bo‘lgan” va u bilan bir necha oy oldin kelishuvga erishishga umid qilgan.
Jurnalistlarning AQSH va uning ittifoqchilari Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtiryaptimi, degan savoliga Tramp bu “bir necha kun ichida” amalga oshishini aytdi.
“Bizda 17 ta Patriot tizimi mavjud bo‘lgan bitta mamlakat bor, ular jo‘natishga tayyorlanmoqda. Ularga kerak bo‘lmaydi. Shunday qilib, biz o‘sha 17 ta qayerga borishi haqida muzokaralar olib boramiz – ularning aksariyati. Ular urush tarafiga ketmoqchi”, dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Patriot bitimida ushbu tizimlarga ega bo‘lgan bir qancha davlatlar ishtirok etadi. Ular tizimlarni almashtiradi. Prezidentning qayd etishicha, bu ish AQSHning NATOdagi doimiy vakili Metyu Uitaker tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Avvalroq Tramp Vashington Patriot tizimlarini keyinchalik Kiyevga yetkazib berish uchun yevropaliklarga sotmoqchi ekanini aytgandi.
“Ukraina haqiqatan ham katta miqdorda harbiy texnika oladi: havo mudofaasi, raketalar va o‘q-dorilar”, dedi Ryutte 14 iyul kuni Oq uyda.
Live
Barchasi