Tramp Putin va Zelenskiyni uchrashishga chaqirdi
Olam
−
22 fevral 5380 1 daqiqa
Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy ikki davlat o‘rtasidagi urushni tugatish uchun uchrashishi kerak. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 21 fevral kuni Oq uyda jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Menimcha, Prezident Putin va Prezident Zelenskiy uchrashishi kerak. Bilasizmi, nima uchun? Chunki biz millionlab odamlarning o‘ldirilishini to‘xtatmoqchimiz”, deydi u.
Qayd etish joiz, o‘sha kuni u “Fox News Radio”ga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda Zelenskiyning ishtirok etishiga hojat yo‘qligini aytgandi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi har ikki tomon bilan muloqotni davom ettirishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, jurnalistlar bilan o‘sha uchrashuvda Tramp 9 may kuni Moskvaga tashrif buyurishi haqidagi OAV xabarlarini rad etdi. Rossiyada Ikkinchi Jahon urushidagi G‘alaba kunini nishonlashda ishtirok etishni rejalashtiryaptimi, degan savolga Oq uy rahbari “Yo‘q, bormayman”, deb javob berdi.
Fransiyaning “Le Point” jurnali avvalroq nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, Tramp Moskvadagi paradda ishtirok etishi va u Rossiya poytaxtida Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida xabar bergan edi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning 9 may bayramini nishonlash uchun Moskvaga tashrifi hozircha rejalashtirilmaganini aytdi. Jurnalistlarning tomonlar tashrif borasida kelishib oldimi, degan savoliga Peskov salbiy javob berdi.
Live
Barchasi