Tramp Oq uyga qaytsa, Amerika demokratiyasiga zarba berganlarni afv etishini aytdi
Olam
−
31 yanvar 2022
3539AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovda g‘olib chiqib, Oq uyga qaytsa, Kapitoliyga bostirib kirganlarni afv etishga va’da berdi. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.
"Agar men saylovda ishtirok etsam va g‘alaba qozonsam, biz 6 yanvardan boshlab bu odamlarga adolatli munosabatda bo‘lamiz. Agar afv etish talab qilinsa, biz ularni afv qilamiz, chunki ularga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishmoqda", deydi Tramp.
Donald Tramp 2024 yilgi rejalarini oshkor qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 6 yanvar kuni Kapitoliyga hujum bo‘lgandi. Unda AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp tarafdorlari Kongress binosiga bostirib kirib, kongressmenlarga prezidentlik saylovlari natijalarini ma’qullashga to‘sqinlik qilgan.
Politsiya bir necha soat o‘tibgina namoyishchilarni Kapitoliydan haydab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari o‘qotar qurol, dubinka, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. Kapitoliyning xavfsizlik xodimi bilan birgalikda, besh kishi halok bo‘lgan.
Kapitoliyga hujum haqidagi ish bo‘yicha 500 dan ortiq amerikalikka ayblov e’lon qilingan. 2021 yilning iyul oyining oxirida ushbu ish bo‘yicha birinchi marta qamoq jazosi tayinlangan.
Amaldagi Prezident Jo Bayden ushbu tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish deb bilishini aytgan. U o‘shanda guruhni tartibsizliklarga undashga, erkin va adolatli saylovlarni rad etishga hamda Amerika tarixida birinchi marta hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tishiga to‘sqinlik qilishga urinilganini ta’kidlagan.
Hujum bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli tergov davomida 700 dan ortiq odam hibsga olingan va ularga turli darajada ayblovlar qo‘yilgan.
Avvalroq, Tramp AQSH Kongressi uchun o‘tkaziladigan oraliq saylovlarda Respublikachilar g‘olib bo‘lsa, Baydenga korrupsion tergov va’da qilgandi.
LiveBarchasi