Tramp Oq uyda Abdulla II ni qabul qildi (video)

Olam

image
Tramp arab yetakchilari bilan uchrashadi north_east

Tramp arab yetakchilari bilan uchrashadi

AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 11 fevral kuni Oq uyda Iordaniya podshohi Abdulla II ni qabul qildi. Uchrashuvda Iordaniya valiahd shahzodasi Husayn ishtirok etmoqda. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.

Abdulla II ning Vashingtonga tashrifi Prezident Trampning G‘azoni AQSH nazoratiga topshirish va uning aholisiga ko‘chib o‘tishga ruxsat berish haqidagi rejasi dunyo yetakchilarining noroziligiga sabab bo‘lgan paytga to‘g‘ri keldi.

Tramp Iordaniya va Misrni ko‘chirilgan falastinliklarni qabul qilishga ko‘ndira olishini ta’kidladi. U, shuningdek, falastinliklar “yaxshiroq uy-joyga” ko‘chirilishi mumkinligini aytdi.

Qayd etish joiz, 1948 yilgi urush paytida 700 ming falastinlik o‘z uylarini tashlab, qo‘shni arab davlatlari, jumladan, Iordaniya, Suriya va Livanga ko‘chib o‘tgan, ularning ko‘pchiligi va ularning avlodlari hamon qochqinlar lagerlarida istiqomat qilishadi. Ularning bir qismi G‘azoga joylashdi.

Isroil ularni majburan chiqarib yuborilgani haqidagi da’volarni keskin rad etadi.

Bugungi kunda Iordaniya, Livan, Suriya, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorida 5,6 millionga yaqin falastinlik qochqinlar – asosan qochib ketganlarning avlodlari yashaydi.

Trampning ikki millionga yaqin g‘azoliklarni ko‘chirish haqidagi taklifiga qarshi chiqqan Iordaniya G‘azo va G‘arbiy Sohildan falastinliklarning ommaviy quvib chiqarilishidan xavotirda. Isroildagi ba’zi siyosatchilar Iordaniya falastinliklar uchun muqobil yashash joyiga aylanishi mumkinligini ta’kidlab, bu taklifni bildirmoqda.

Shu munosabat bilan “Qora sentyabr” deb nomlanuvchi voqealarni eslash o‘rinlidir. 1970 yilda Iordaniya armiyasi Falastin Ozodlik Tashkiloti tomonidan bosib olingan Iordaniya hududining bir qismi ustidan nazoratni qayta tiklash maqsadida shu nom ostida keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi.

Iordaniyaning o‘sha paytdagi qiroli Husayn Falastin guruhlarining ta’siri kuchayib ketishidan qo‘rqib, qurolli kuchlarni ishga soldi. Uning generallari tanklarni Ammanga olib kirishni buyurdi. Taxminlarga ko‘ra, 3000 dan ortiq falastinliklar o‘ldirilgan, taxminan 20 000 kishi Iordaniyani tark etdi.

Trampning bayonotiga javoban Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos BMTni “Falastin xalqi va uning ajralmas huquqlarini himoya qilishga” chaqirdi.

Isroillik siyosatchi Itamar Ben Gvir Oq uy rahbarining taklifini olqishladi. X media platformasidagi postida u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni taklifni “darhol” qabul qilishga chaqirdi. O‘tgan hafta Vashingtonga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Netanyaxu tafsilotlarga to‘xtalmasdan Trampning masalaga yangicha yondashuvini olqishlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Iordaniya Abdulla II

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing