Tramp Netanyaxuni Qatarga nisbatan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Qatarga nisbatan “o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga” chaqirdi. Bu haqda u kecha, 14 sentyabr kuni Nyu-Yorkdan Vashingtonga uchayotgan samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javoban ma’lum qildi.

“Isroil va boshqalar ehtiyot bo‘lishlari kerak. Biror joyga zarba berganda ehtiyot bo‘lish kerak”, dedi Oq uy rahbari.

Qatarga yaqinda uyushtirilgan hujum munosabati bilan Netanyaxuga qanday xabarni yetkazmoqchi ekanligi haqidagi savolga Amerika yetakchisi Isroil HAMASga qarshi biror narsa qilishi kerakligini, ammo Qatar AQSHning muhim ittifoqchisi ekanini ta’kidladi.

Tramp, shuningdek, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan suhbati haqida gapirib, uni “ajoyib inson” deb atadi.

“Men unga jamoatchilik bilan aloqalarini yaxshilashlari kerakligini aytdim, chunki ular bu borada unchalik yaxshi emas. Odamlar ular haqida yomon gapirishadi, lekin bunday qilmaslik kerak”, dedi Amerika rahbari.

Qatarni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan Tramp, Dohani Vashingtonning “ajoyib” ittifoqchisi deb atadi va Qo‘shma Shtatlar bu davlat bilan juda yaxshi munosabatlarni saqlab qolish niyatida ekanini aytdi.

“Biz Qatarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ular qimmatli ittifoqchi. Ularning pozitsiyasi qiyin, chunki ular voqealar markazida, ammo Qo‘shma Shtatlar uchun ular ishonchli sherik bo‘lib qolmoqda”, deya ta’kidladi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 12 sentyabr kuni Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashgandi. Oq uy Prezident Tramp rejalashtirilganidek, Qatar Bosh vaziri bilan birga ovqatlanganini tasdiqlagan. Biroq uchrashuvda nimalar muhokama qilinganiga aniqlik kiritilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Qatar Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing