Tramp Netanyaxu bilan G‘azoda sulh tuzishni muhokama qildi

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.

Suhbatdoshlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyatini muhokama qilgan. Tramp Netanyaxuni HAMAS bilan kelishuv tuzishga undagan. Shu bilan birga, portal manbalari suhbatning aniq mazmunini bilmasligini ta’kidlamoqda. 

Joriy yilning iyul oyi oxirida Tramp Netanyaxu bilan Florida shtatida qariyb to‘rt yil ichida birinchi marta yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazib, unda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilgandi.

G‘azodagi sulh bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi bugun, 15 avgust kuni Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Isroil rasmiylari u yerga “Mossad” razvedka boshqarmasi direktori Devid Barnea boshchiligidagi delegatsiyani yuborishni allaqachon ma’qullagan. HAMAS rasmiy darajada maslahatlashuvlarda ishtirok etishdan bosh tortmadi, biroq 11 avgust kuni u vositachilarni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejani taqdim etishga va Isroilni uni bajarishga chaqirdi.

Vositachilar, shuningdek, AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan ilgari surilgan va BMT Xavfsizlik Kengashining 2735-rezolyutsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tamoyillarga asoslangan yakuniy kelishuv loyihasini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi. Vashington esa G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish Yaqin Sharqda kengroq urush boshlanishi xavfini kamaytirishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovida qayta saylansa, “Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish uchun qattiq ishlashga” va kollejlar kampuslarida antisemitizmga qarshi kurashishga va’da bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing