Tramp mitingi o‘tkaziladigan joy yaqinida qurolli shaxs qo‘lga olindi

Olam

image

Kaliforniyadagi Riversayd okrugi sherifining o‘rinbosarlari 12 oktyabr kuni kechqurun Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning saylovoldi tashviqoti mitingi yaqinida qurollangan odamni qo‘lga oldi. Kaliforniya ommaviy axborot vositalari bir kun o‘tib, mahbus garov evaziga qo‘yib yuborilgani haqida xabar berdi.

Politsiya voqeani "ehtimol to‘xtatilgan urinish" deb atadi.

Miting o‘tkaziladigan joy yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punktida politsiya tomonidan Vem Miller deb tanilgan Kaliforniya bilan qo‘shni Nevada shtatida yashovchi 49 yoshli fuqaroning mashinasi to‘xtatilgan.

“Tintuv chog‘ida uning yonidan ov miltig‘i va to‘pponcha topilgan”, deya yozadi “Los Angeles Times”.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsdan o‘qlangan qurol va o‘q-dorilar ortilgan katta sig‘imli magazin musodara qilingan.

Okrug sherifi Chad Biankoning so‘zlariga ko‘ra, Miller hibsga olinganida Tramp bilan uchrashuvga soxta VIP taklifnoma va press ID taqdim etgan. Bundan tashqari, avtomashinani ko‘zdan kechirish chog‘ida turli nomdagi bir nechta pasport va haydovchilik guvohnomalari topilgan. Avtomobil ham ro‘yxatdan o‘tmagan va davlat raqami "qo‘lbola yasalgan" bo‘lgan. Byankoning aniqlik kiritishicha, gumonlanuvchi 2022 yilda Nevada shtati Qonunchilik palatasi quyi palatasiga saylovlarda ishtirok etgan, ro‘yxatga olingan respublikachi, shuningdek, o‘ng qanot aksil-hukumat guruhi a’zosi bo‘lgan.

Miller qurol bilan bog‘liq jinoyatlar uchun vaqtincha qamoqqa olingan va tez orada garov evaziga qo‘yib yuborilgan. 

Millerning hibsga olinishi respublikachi nomzod miting joyiga yetib bormasdan oldin sodir bo‘ldi. Trampni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan Maxfiy xizmat sobiq prezident hech qanday xavf ostida emasligini ta’kidladi. Gumonlanuvchi ozodlikka chiqqanidan keyin bir necha amerikalik jurnalist u bilan gaplashgan. Miller qotillik fitnasi ayblovlarini rad etib, ularni "bema’nilik" deb atadi. Uning tanishi OAVga aytishicha, Miller, aksincha, Trampning ashaddiy muxlisi.

Ma’lumot uchun, saylov kampaniyasi davomida Donald Trampga ikki marta suiqasd uyushtirildi. Birinchi marta u jiddiy xavf ostida qoldi. 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Butler shahrida Tramp saylovoldi tashviqoti mitingida 20 yoshli mahalliy fuqaro Tomas Metyu Kruks siyosatchiga qarata o‘q uzdi. O‘q siyosatchining qulog‘iga tegib ketgan, Tramp shifoxonaga yotqizilgan va u yerda davolangan. Otishma oqibatida 50 yoshli miting ishtirokchisi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi. Hujumchi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan. 

Ikkinchi urinish 15 sentyabr kuni Floridadagi golf klubida sodir bo‘ldi. 58 yoshli Rayan Uesli Rut o‘sha paytda golf o‘ynayotgan Trampga miltiqni panjaradan o‘tkazdi. Tergov davomida prokuratura, uning fikricha, Trampga rejalashtirilgan suiqasd faktini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etdi. Gumonlanuvchining “Donald Trampga suiqasd uyushtirishga urinish”ga ishora qilgan xati, shuningdek, Tramp nutqlari sanalari va joylarining qo‘lyozma ro‘yxati topildi.

Hujum qilgani taxmin qilinayotgan shaxs hozircha o‘z aybini tan olmadi. Advokatlar uni garov evaziga qo‘yib yuborishga urinib ko‘rishdi. Uni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Trampning saylovoldi kampaniyasi bo‘yicha jamoasi saylov kampaniyasining so‘nggi haftalarida siyosatchining parvozlari uchun AQSH ma’muriyatidan harbiy samolyotlar so‘ragandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing