Tramp inauguratsiya oldidan mitingda qatnashdi (fotoreportaj)
Olam
−
20 yanvar 3894 2 daqiqa
Kecha, 19 yanvar kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp qasamyod qabul qilishdan oldin oxirgi marta saylangan prezident sifatida Vashingtondagi Capital One arenasida o‘zining g‘alabasini nishonlash, tarafdorlariga minnatdorlik bildirish hamda kelajakdagi maqsad va ustuvorliklarni belgilash uchun poytaxt aholisi bilan uchrashdi va nutq so‘zladi.

“Ertaga tushda Amerikaning to‘rt yillik tanazzuliga parda yopiladi va biz Amerikaning kuchi va farovonligi, qadr-qimmati va g‘ururi uchun mutlaqo yangi bobni boshlaymiz. Keling, hammasini bir marta va butunlay qaytarib olaylik”, dedi Tramp nutqida.

U, shuningdek, prezidentlik kursisiga o‘tirishi bilanoq bir qator farmonlarni imzolashi, amerikaliklarni xursand qilishini aytdi.

“Hammasi ertaga boshlanadi. Televizordagi yangiliklarni kuzatib rohatlanasiz”, dedi u.
Donald Tramp inauguratsiyasi oldidan o‘zining so‘nggi mitingida minglab odamlarga murojaat qilib, mamlakatni qayta qurish va uni “to‘g‘ri yo‘lga” qaytarishga va’da berdi. U o‘zidan oldingi Jo Bayden ma’muriyatining barcha “ahmoqona” qarorlarini lavozimga kirishganidan keyin bir necha soat ichida bekor qilishini aytdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp birinchi kundanoq 200 dan ortiq hujjatni, jumladan, ijro farmoyishlari va boshqa farmoyishlarni imzolashi kutilmoqda.

Mitingda amerikalik biznesmen, SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask ham qatnashdi va olomonga qisqacha murojaat qilish uchun o‘g‘li bilan sahnaga chiqdi.

“Biz o‘zgarishlarni boshlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, dedi Mask.
Tramp nutqida uning ma’muriyati Bayden ma’muriyatidan ham mamlakat ichida, ham xorijda falokatlarni, inflyatsiya va yuqori foiz stavkalari bilan holdan toygan iqtisodiyotni, Meksika bilan chegaradagi inqirozni meros qilib olganini aytdi.

“Bunday hukumat favqulodda vaziyatlarda o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qila olmaydi. Los-Anjelesda nima bo‘layotganiga qarang. Shimoliy Karolinada nimalar bo‘layotganiga nazar tashlang. Ammo ertangi kundan boshlab men mamlakatimiz duch kelayotgan har bir inqirozni hal qilish uchun tezlik bilan harakat qilaman”, deydi saylangan prezident.
U, shuningdek, o‘rmon yong‘inlari yetkazgan zararni baholash uchun 24 yanvar kuni Kaliforniyaga tashrif buyurishini aytdi.
“Kaliforniyadagi dahshatli o‘rmon yong‘inlaridan jabrlanganlarning barchasiga hamdardligimni bildiraman. Barchangiz uchun duo qilamiz. Barchangizni yaxshi ko‘ramiz. Tez orada boramiz. U yerga borib, holatni o‘z ko‘zim bilan ko‘raman va vaziyatni normal holatga qaytarishga yordam beraman”, dedi u.
Bugun, 20 yanvar kuni Vashington shahrida AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning mamlakatning 47-prezidenti sifatida inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr