Tramp Meksika ko‘rfazining nomini o‘zgartirmoqchi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Meksika ko‘rfazini “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda u Mar-a-Lagodagi mulkida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Bu haqda tez orada e’lon qilamiz. Biz ishning katta qismini shu hududda qilamiz va bu bizniki. Biz Meksika ko‘rfazining nomini “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirmoqchimiz. Bu keng maydonni qamrab olgan ajoyib nom”, dedi u.

Tramp, shuningdek, Panama ma’murlari bilan AQSHga qaytish niyatida bo‘lgan Panama kanali masalasi bo‘yicha allaqachon muzokaralar olib borayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun iqtisodiy va harbiy bosimdan foydalanmasligiga boshqa mamlakatlarga va’da bera olmaydi.

Trampning aytishicha, bu hududlar ustidan nazorat AQSHning iqtisodiy xavfsizligi uchun zarur.

Panama Tashqi ishlar vazirligi rahbari mamlakat hukumati Tramp va uning vakillari bilan Panama kanalining kelajagi bo‘yicha hech qanday aloqaga ega emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanal suvereniteti muhokama mavzusi bo‘la olmaydi.

“Saylangan prezident lavozimga kirishgach, munosabatlar odatiy va tegishli rasmiy usullar orqali tartibga solinadi”, dedi vazir.

1914 yilda ochilgan Panama kanali 63 yil davomida AQSH nazoratida edi. Mamlakatlar o‘rtasida tuzilgan Torrixos-Karter kelishuvi uning bosqichma-bosqich o‘tkazilishini nazarda tutgan. Jarayon 1999 yilda yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 21 dekabr kuni Tramp Panamani Panama kanalidan foydalanganlik uchun “bema’ni” yuqori tariflar joriy etishda ayblagandi va uni AQSH nazoratiga qaytarishni talab qilish bilan tahdid qilgandi. U kanalning noto‘g‘ri qo‘llarga, xususan, Xitoy nazorati ostida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini qo‘shimcha qilgandi. Bunga javoban Panama Prezidenti Xose Raul Mulino Panama kanali va uning atrofidagi hududlarning har bir kvadrat metri Panamaga tegishli ekani va bundan keyin ham Panamaga tegishli bo‘lib qolishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Mar-a-Lago Amerika ko'rfazi Meksika ko'rfazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing