Tramp Medvedevga “og‘ziga qarab gapirish”ni maslahat berdi
Olam
−
31 iyul 2025 14968 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga “o‘z so‘zlariga ehtiyot bo‘lish”ni maslahat berdi va uni “hali ham o‘zini prezidentman deb hisoblaydigan muvaffaqiyatsiz sobiq rahbar” deb atadi. Bu haqda u bugun, 31 iyul kuni o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Hindistonning Rossiya bilan nima qilishi menga qiziq emas. Ular birgalikda o‘lik iqtisodlarini yo‘q qilishlari mumkin, menga farqi yo‘q... AQSH Rossiya bilan deyarli savdo qilmaydi. Keling, shunday bo‘lib qolsin va Rossiyaning muvaffaqiyatsiz sobiq prezidenti, hali ham o‘zini prezidentman deb hisoblaydigan Medvedevga o‘z so‘zlariga ehtiyot bo‘lishini aytaylik. Chunki u juda xavfli hududga kirib bormoqda”, deb yozgan Tramp.
U Medvedevning qaysi posti uning noroziligiga sabab bo‘lganiga aniqlik kiritmadi. Avvalroq Dmitriy Medvedev X ijtimoiy tarmog‘ida amerikalik senator Lindsi Grem bilan yozma janjallashib qolgan edi.
U Oq uy rahbarining yangi ultimatumini – Ukraina bo‘yicha kelishuvlarga erishish muddatini 50 kundan 10 kunga qisqartirishini “tahdid” va “urush sari qadam” deb, Tramp va Gremni esa “bobolar” deb atagandi.
Dmitriy Medvedev Trampning unga qaratilgan bayonotlarini “asabiy reaksiya” deb atadi:
“Agar Rossiya sobiq prezidentining ba’zi bir so‘zlari dahshatli AQSH Prezidentida shunday asabiy reaksiyaga sabab bo‘lsa, demak, Rossiya hamma narsada haq va o‘z yo‘lidan borishda davom etadi”.
Hindiston va Rossiyaning “o‘lik iqtisodiyoti” haqidagi so‘zlarni izohlar ekan, Medvedev Trampga “yuruvchi o‘liklar” haqidagi sevimli filmlarini eslab qolishni maslahat berdi, shuningdek, mavjud bo‘lmagan “o‘lik qo‘l” qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Medvedev bu gap bilan “Qiyomat kuni mashinasi” yoki “O‘lik qo‘l” deb nomlanuvchi “Perimetr” tizimini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Bu Rossiya hududiga yadroviy zarba berilganda va uning yuqori rahbariyati halok bo‘lgan taqdirda AQSH hududiga rus yadroviy raketalarini uchirish uchun avtomatik tizim. Strategik raketa kuchlari Sovet davrida yaratilgan bunday tizim haqiqatan ham mavjudligini da’vo qiladi.
Sobiq prezident va Rossiya hukumatining sobiq rahbari, 2020 yildan buyon o‘zi uchun maxsus tuzilgan Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgan Dmitriy Medvedev ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealarga izoh berib, G‘arb yetakchilariga haqoratlar va yadro urushi boshlanishiga doir yashirin tahdidlar yozadi. Kuni kecha Tramp Rossiyaning Ukraina bilan sulh tuzish muddatini qisqartirishini e’lon qilgani munosabati bilan u bunday qadamlar Rossiya va AQSH o‘rtasidagi urushni faqat yaqinlashtirishini yozgan edi.
Shuningdek, Medvedev Tramp tarafdori va Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasining hammuallifi, senator Lindsi Gremga murojaat qilib, shunday deb yozdi:
“Muzokaralar stoliga qachon o‘tirishni belgilash sizga yoki Trampga qolmadi. Muzokaralar harbiy amaliyotimizning barcha maqsadlariga erishilganda yakunlanadi. Birinchi navbatda Amerika uchun ishlang, bobolar!”
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Hindiston uchun 25 foizlik tariflarni e’lon qilib, bu davlatni Rossiyadan energiya resurslarini sotib olishda ayblagan edi. 29 iyul kuni AQSH Prezidenti Rossiyaga Ukraina bilan “kelishuv” tuzish uchun 10 kun muhlat berib, yangi sanksiyalar, jumladan, Moskvaning savdo hamkorlariga qarshi ham tahdid qilgan edi.
Live
Barchasi