Tramp Mask bilan janjalga sabab bo‘lgan qonunni imzoladi (video)
Olam
−
05 iyul 8106 2 daqiqa
Kecha, 4 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Mask bilan janjalga sabab bo‘lgan AQSH byudjeti to‘g‘risidagi “katta va go‘zal qonun”ni (The Big Beautiful Bill) imzoladi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujjatni imzolash marosimi tantanali ruhda o‘tkazilgan, shuningdek, tadbir Oq uyda Mustaqillik kuni sharafiga o‘tkazilgan bayram tadbiriga to‘g‘ri kelgan. “Fox News”ning yozishicha, marosim vaqtida Prezident qarorgohi ustidan F22 va F35 qiruvchilari hamda B-2 bombardimonchi samolyoti uchib o‘tgan.
Oldinroq Prezidentning “go‘zal qonuni” yakuniy tahrirda Vakillar palatasi va Senat tomonidan ma’qullangan edi. Palataning 218 a’zosi hujjatni yoqlab, 214 nafari esa unga qarshi ovoz berdi, ularning ikki nafari respublikachilar edi.
Hujjat Trampning 2017 yilda – uning birinchi prezidentligi davrida joriy etgan soliq yengilliklarini uzaytirishni, choypuli va ortiqcha ish uchun soliq chegirmalarini kiritishni, davlat qarzining yuqori chegarasini 5 trillion dollarga oshirishni, bolalar uchun soliq chegirmasini 2200 dollarga oshirishni hamda yoshi kattalar uchun soliq imtiyozlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp va amerikalik milliarder, saylovoldi dasturida Trampning asosiy tarfdorlaridan bo‘lgan Ilon Mask ushbu qonun loyihasi yuzasidan janjallashib qolgan edi. Dastlab, Prezident qonun loyihasini tanqid qilgan Maskni mamlakatda eng ko‘p subsidiya oluvchi odam sifatida ta’riflagan bo‘lsa, milliarder Trampning partiyasini “semiz cho‘chqalar partiyasi”, deb aytgan. Shuningdek, u yangi partiya tuzish bilan tahdid qilgan.
Live
Barchasi