Tramp ma’muriyati Garvardni sudga berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trump ma’muriyati Garvard universiteti ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’muriyat universitetni federal tergov talablari bajarilmagani va talabalik qabulida irq omili inobatga olingan-olinmaganini aniqlash imkonini beruvchi hujjatlarni taqdim etmagani uchun ayblamoqda.

AQSH Adliya vazirligi bayonotida aytilishicha, Garvard zarur hujjatlarni taqdim etish jarayonini bir necha bor cho‘zgan. Qayd etilishicha, ushbu hujjatlar 2023 yilda AQSH Oliy sudi chiqargan qarorga universitet rioya qilayotganini baholashga yordam beradi. Mazkur qarorga ko‘ra, kollej va universitetlarga qabul jarayonida irq omilini hisobga olish Konstitutsiyaga zid deb topilgan.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi Garvardni diskriminatsion harakatlarda ayblamayotganini, shuningdek moliyaviy tovon yoki federal moliyalashtirishni bekor qilishni talab qilmayotganini bildirgan.

Joriy yil fevral boshida Donald Tramp ma’muriyati Garvard siyosatiga oid tekshiruvlarni yakunlash uchun universitetdan 1 milliard dollar talab qilayotganini ma’lum qilgan. Biroq bu talab rad etilgan.

2025 yil aprelida esa AQSH hukumati Garvard universitetiga xorijlik talabalarni qabul qilishni taqiqlash bilan tahdid qilgan. Bunga sabab sifatida kampus hududida yahudiy talabalarga nisbatan ta’qib muammosini hal etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani ko‘rsatilgan. Bu universitet Donald Tramp ma’muriyati talablariga bo‘ysunmasligini bildirganidan so‘ng yuz bergan. Trampning Garvard uchun ajratiladigan federal moliyalashtirishni muzlatish bo‘yicha urinishlari sudda qarshilikka uchragan va tomonlar hozircha kelishuvga erisha olmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Garvard universiteti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing