Tramp koronavirus uchun test topshirdi. Natija manfiy
Olam
−
03 aprel 2020
16394Kecha, 2 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp koronavirus uchun yangi tezkor testdan o‘tdi. Prezidentda ushbu virus mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
“Men testdan o‘tishga bir daqiqa vaqt sarfladim. Natijalar chiqishi uchun 14-15 daqiqa kerak bo‘ldi. Men ishlashim kerak edi, shu sabab natijalar chiqishini kutib o‘tirmadim. So‘ngra javobni aytishdi, menda virus aniqlanmadi”, deydi Tramp Oq uydagi brifingda.
Tramp bu testni shunchaki qiziquvchanlikdan topshirganini va uning sog‘lig‘ida xavotirli hech nima bo‘lmaganini ta’kidladi. Ma’lum bo‘lishicha, davlat rahbari ushbu tezkor sinovdan ikki marta o‘tgan.
“Men ikki marta test topshirdim. Buni qiziquvchanlikdan o‘tkazdim. U qanchalik tezkor va osonligini ko‘rdim”, deydi AQSH Prezidenti.
Shu hafta boshida Tramp, AQSH yaqin kelajakda sinovlarni keng miqyosda amalga oshirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Bu test bilan odamda koronavirus bor-yo‘qligini bir necha daqiqada aniqlash mumkin.
Ushbu sinov AQSH oziq-ovqat va dorilar boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan. Test natijasi 5 minutdan 15 minutgacha bo‘lgan muddatda ma’lum bo‘ladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda koronavirus bilan bog‘liq 245 540 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 6 053 nafari vafot etgan, 9 148 nafari esa sog‘aygan.
LiveBarchasi