Tramp Kim Chen Inga javob berdi
Olam
−
13 aprel 2019
8797Avvalroq, KXDR yetakchisi Kim Chen In AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchinchi marta uchrashishga tayyor ekanini bildirgandi.
Bugun, 13 aprel kuni Amerika rahbari Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning uchinchi qo‘shma sammitni o‘tkazishga tayyorligiga ijobiy munosabat bildirdi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirgan.
“Men Shimoliy Koreya yetakchisi bilan ayni fikrdaman. Munosabatlarimiz juda yaxshi, balki, “a’lo” desak, yanada aniq bo‘lardi. Uchinchi sammit bizning har birimiz qanday pozitsiyada turganimizni aniqlash uchun qo‘l kelardi”, degan Tramp.
Tramp Kim Chen In nomiga maqtovlar ham yog‘dirdi. Xususan, Kim Chen In bilan Shimoliy Koreyani porloq kelajak kutib turganini ta’kidladi.
“Shimoliy Koreyada Kim Chen In raisligida iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot uchun ulkan potensial mavjud. Men sabrsizlik bilan yadroviy qurol va sanksiyalarsiz kun kelishini kutaman. Tez orada o‘sha kun kelishi mumkin. O‘shanda Shimoliy Koreya dunyoning eng omadli davlatlaridan biri bo‘ladi”, degan AQSH Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Kim Chen In Donald Tramp bilan uchrashuvga tayyorligini bildirib, AQSHni Koreya yarimorolini denuklearizatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarga boshqacharoq yondashishga chaqirgan. Shu tariqa, navbatdagi muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlash mumkinligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kim Chen In va Donald Trampning ikkinchi uchrashuvi 27-28 fevral kunlari Vetnam poytaxti Xanoy shahrida bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuv muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.
LiveBarchasi