Tramp xotinidan tarsaki yegan Makronga maslahat berdi (video)
Olam
−
31 may 2025 12947 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijitga oilaviy masalalarni yopiq eshiklar ortida hal qilishni maslahat berdi. Bu haqda u kecha, 30 may kuni Oq uydagi Oval ofisda jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Jurnalistning fransuz mavqedoshiga oila bo‘yicha qanday maslahati kerak bo‘lishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Tramp voqea tafsilotlari bilan tanish emasligini ta’kidladi.
“Nima bo‘lganini bilmayman, lekin eshikni yopiq saqlashni maslahat beraman”, dedi Amerika yetakchisi.
Tramp, shuningdek, video paydo bo‘lganidan keyin Makron bilan gaplashgani va Fransiya rahbarining oilasida “hammasi joyida” deb ishontirganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Prezident Emmanuel Makron rafiqasi Brijit bilan Vetnamga tashrif buyurgandi. Samolyotdan tushayotgan paytda jurnalistlar Makronning yuziga urilgan lahzani tasvirga olgan – kadrda Brijit to‘liq ko‘rinmasa-da, aynan uning qo‘llari Prezidentning iyagini kuchli turtgani aks etgan. Ushbu holatga tayyor bo‘lmagan Makron qattiq hayratga tushib, bir necha soniya og‘zi ochiq holda qotib qolgan.
Avvaliga Yelisey saroyi Brijit Makron va Emmanuel Makronning harakatlari hech qanday kuchli janjalni yoki o‘zaro kelishmovchilikni anglatmasligini va bu oddiy hazil ekanini ma’lum qildi. Biroq Prezidentning yaqin do‘stlaridan biri bu voqeani “er-xotinning kichik janjali” deb atadi. O‘z navbatida, Makron bu taxminni rad etib, ular hazillashganini aytdi.
Fransiyadagi sport zalida o‘zini himoya qilish kursiga bag‘ishlangan e’londa xotinidan shapaloq yegan Prezident Emmanuel Makron ustidan hazil qilindi. “Xotiningiz sizni uradimi? O‘zini himoya qilish kurslariga yoziling! Qo‘shimcha ma’lumot uchun ma’muriyatga murojaat qiling”, deyiladi plakatdagi yozuvda.