Tramp inauguratsiyadan keyin Xitoyga boradi – WSJ

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp maslahatchilariga inauguratsiyadan keyin 100 kun ichida Xitoyga tashrif buyurishni istayotganini aytdi. Bu haqda "The Wall Street Journal" munozaralardan xabardor odamlarga tayanib xabar berdi.  

"Tashrif saylangan prezidentning Xitoy importiga yuqori bojlar joriy etish tahdidi tufayli taranglashgan Si Szinpin bilan munosabatlarni chuqurlashtirish maqsadida rejalashtirilgan", deyiladi xabarda.

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Tramp Pekinga oxirgi marta 2017 yilda, uning birinchi muddati boshlanganidan deyarli bir yil o‘tgach tashrif buyurgan edi.

Donald Trampning inauguratsiyasi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Yangi ma’muriyat dastlab Si Szinpinni tadbirga shaxsan taklif qilgan bo‘lsa-da, unda Xitoy vitse-prezidenti Xan Chjen hozir bo‘ladi.

Qayd etilishicha, Tramp va Si 17 yanvar kuni telefon orqali gaplashgan. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchilar o‘zlarining vakillari orqali shaxsiy uchrashuvlarini muhokama qilishgan. Xususan, variantlardan biriga ko‘ra, Amerikaning yangi prezidenti Xitoy rahbarini AQSHga taklif qiladi.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda. Xususan, Vashington Xitoyni yuqori martabali amerikalik siyosatchilar ustidan josuslik qilishda ayblaydi. Xitoy rasmiylari esa xakerlik hujumlariga aloqadorligini rad etadi.

Noyabr oyi oxirida Donald Tramp Kanada, Meksika va Xitoydan olib kelinayotgan tovarlarga import bojlari oshirilishini e’lon qilib, davlat rahbari sifatidagi birinchi kunidayoq bunday farmonni imzolashiga va’da bergan edi. U Xitoy hukumatini giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi yetarlicha chora ko‘rmayotganlikda ayblab, Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha 10 foizlik boj stavkasi kiritilishini aytdi. Tramp bu masalani xitoylik rasmiylar bilan bir necha bor ko‘targanini, ular chora ko‘rishiga ishontirgan, biroq bunday qilmaganini qo‘shimcha qildi.

"Yana bir “potensial chaqnash nuqtasi” bu Tayvan bo‘lib, Pekin uni o‘z hududi deb hisoblaydi va uni bosib olish uchun kuch ishlatishni istisno qilmaydi", deb yozadi WSJ Xitoy davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib. 

Xabar qilinishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Si "bu isyonkor orol muammosini milliy suverenitet masalasi" deb atab, Trampga uni ehtiyotkorlik bilan hal qilish zarurligini eslatgan. 

Ommabop ijtimoiy tarmoq TikTok atrofida ham bahs-munozaralar mavjud. 18 yanvar kuni NBC News’ning “Meet the Press” dasturiga bergan intervyusida Tramp TikTok’ga taqiqdan “ehtimol” 90 kunlik muhlat berishini aytdi. AQSHda TikTok taqiqi, sud qaroriga ko‘ra, inauguratsiyadan bir kun oldin, 19 yanvar kuni kuchga kirishi kerak.

Avvalroq AQSH Oliy sudi ijtimoiy tarmoqning xitoylik egasi ByteDance uni sotmasa, Qo‘shma Shtatlarda uni taqiqlashga ruxsat beruvchi qonunni bekor qilishdan bosh tortgan edi.

Dekabr oyi o‘rtalarida Donald Tramp Mar-a-Lagodagi qarorgohida ushbu kompaniya bosh direktori Shou Szi Chu bilan uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing