Tramp G‘azoda 5000 harbiyga mo‘ljallangan baza qurmoqchi
Olam
−
19 fevral 630 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati G‘azo sektorida 5 ming nafar harbiyni joylashtirish uchun Halqaro barqarorlashtirish kuchlari (HBK) bazasini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda davlat xaridlari hujjatlariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, baza G‘azoning janubida 350 akrdan ortiq (1,4 kvadrat kilometrdan ziyod) hududni egallaydi. Ob’ekt 26 ta zirhli kuzatuv minorasi va tikanli sim bilan o‘raladi. Hududda otish maydoni, bunkerlar va harbiy texnika omborlari joylashtiriladi. HBK yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” tarkibiga kiradi. Unga Donald Tramp rahbarlik qiladi, uning kuyovi Jared Kushner esa hamrahbar vazifasini bajaradi. Xabar qilinishicha, kengashga BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan sektorni vaqtincha boshqarish va tartibni saqlash uchun vakolat berilgan.
Nashrning yozishicha, jang hududlarida ishlashga ixtisoslashgan xalqaro qurilish kompaniyalarining kichik guruhi qurilish joyiga tanishuv tashrifini amalga oshirgan. Tramp ma’muriyati vakili shartnoma bo‘yicha izoh berishdan bosh tortib, maxfiylik siyosatiga ishora qilgan hamda “baza hududida amerikalik harbiylar bo‘lmaydi”, degan.
AQSH rejasi 2025 yil oktyabrda urushning faol bosqichi yakunlanganidan keyingi murakkab vaziyat fonida ilgari surilmoqda. BBC ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan to‘rt oy o‘tib HAMAS anklav ustidan nazoratni qayta tiklashga kirishgan – soliq yig‘moqda, ko‘chalarni patrul qilmoqda va sud tizimini boshqarmoqda.
Trampning tinchlik rejasining keyingi bosqichi, jumladan, sektorni tiklash, bevosita HAMASni qurolsizlantirishga bog‘liq. Muzokarachilar qurol topshirish tafsilotlarini muhokama qilmoqda. Harakat vakili Hozem Qosim BBC’ga bergan bayonotida bu masalani “bosqinchilarning urushni qayta boshlashiga bahona qoldirmaydigan” va shu bilan birga Amerika Prezidenti rejasiga mos keladigan tarzda hal qilish mumkinligini aytgan.
Live
Barchasi