Tramp Garvard grantlari bo‘yicha 2,2 mlrd dollarni muzlatib qo‘ydi

Olam

image

AQSH federal hukumati Garvard universitetiga berib kelingan 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ydi. Bu haqda AQSH Ta’lim vazirligining kecha, 14 aprel kuni chop etilgan press-relizida keltirilgan.

Qayd etilishicha, universitet avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining kampusdagi faollik borasidagi talablarini bajarmasligini bildirgan.

AP'ning yozishicha, 11 aprel kuni Tramp ma’muriyati Garvardga maktub yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatiga o‘zgartirish kiritishni talab qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Garvardga qo‘ygan talablari, shuningdek, universitet, professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi qarashlarini ko‘rib chiqish va kampusda niqob kiyishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning fikricha, oxirgi talab Falastin tarafdori bo‘lgan namoyishchilarga qaratilgan edi.

Bundan tashqari, AQSH federal hukumati universitetdan “jinoiy faoliyat, noqonuniy zo‘ravonlik yoki noqonuniy ta’qiblarni qo‘llab-quvvatlovchi yoki targ‘ib qiluvchi har qanday talaba guruhlari yoki klublarini” tan olishni yoki moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qilgan.

Federal hukumat, agar Garvard o‘z siyosatini Tramp ma’muriyati talablariga muvofiqlashtirmasa, 9 milliard dollarlik grant va shartnomalar xavf ostida bo‘lishini aytgan.

O‘z navbatida, Garvard universiteti prezidenti Alan Garber kecha, 14 aprel kunning o‘zidayoq javob yo‘llab, universitet hukumat talablarini bajarmasligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Garvard universiteti professorlari AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ustidan hukumatning universitetni moliyalashtirishni 9 milliard dollarga qayta ko‘rib chiqish rejalari yuzasidan sudga murojaat qilgandi. Bunga 8,7 milliard dollar grantlar va 255,6 million dollar Garvard, uning filiallari va federal hukumat o‘rtasidagi mavjud shartnomalar kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Tramp Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing